29 iyunga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:00da Istanbul shahridagi Otaturk nomli xalqaro aeroportga terrorchilar hujum uyushtirdi. 

Aeroportga kirish, chiqish va avtomobillar to‘xtash joyida sodir etilgan uchta portlash va otishmalar oqibatida 36 kishi qurbon bo‘ldi, 147 kishi yaralandi.

Ba'zi nashrlarda qurbonlar soni 50 nafar atrofida ekani aytilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, qurbonlar orasida xorijliklar ham bor.

Guvohlar aeroportga uch nafar kamikadze-terrorchi bostirib kirib, avtomatdan chor atrofga o‘q sochganini aytishdi.

"Biz… bir yigit atrofga tartibsiz ravishda o‘q uzayotgani guvohi bo‘ldik. U o‘z oldidan chiqqan duch kelgan kishini o‘qqa tutar edi. U qop-qora kiyimda edi. Niqobsiz", — deb hikoya qildi fojiaga guvoh bo‘lgan sayyohlardan biri.

Yana bir guvob bu shaxsning qurolidan 50dan ortiq o‘q chiqqanini sanagan.

Aeroport xodimlarining aytishicha, odamlar portlashlardan ko‘ra, sinib ustiga tushgan oynalardan ko‘proq jabrlangan.

Internetga voqea joyidagi holatni tasvirlovchi videolar joylashtirildi.

Avvaliga bu terakt tashkilotchiligida gumon qilinib, IShID va Kurdiston ishchilar partiyasi tilga olindi. Keyinroq KIP vakili "tashkilot tinch aholi vakillariga hujum uyushtirmasligi, qolaversa aeroportdagilarning aksari turkiyaliklar bo‘lmagani" haqida bayonot berib, bu gumonlarni inkor qildi.

Aeroportga tashrif buyurgan Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim bu hujum ortida IShID turgani haqida aytdi.

Bu terakt IShID tashkil topganiga 2 yil to‘lgan kunda amalga oshirildi. IShID 2014 yilning 29 iyunida xalifalik sifatida e'lon qilingandi.