Muxlis.uz saytiga yo‘llangan savollardan birida plastik kartadan pulni naqdlashtirishda foiz olinishi haqida savol berildi: “Plastik kartaga savdo qilayotib yoxud plastik kartadagi mablag‘ni naqdlashtirishda ma'lum miqdorda foiz olib qolsa bo‘ladimi. Buning hukmi qanday?”.

Bu savolga quyidagi tartibda javob berildi.

“Bismillahir rohmanir rohiym. Bu savolga javob berishdan oldin muhim bir narsa haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. U ham bo‘lsa ribo masalasidir. Ribo bu sudxo‘rlik degani. Ma'lumki, insonlarda ikkita zaif va nozik nuqta bor. Biri moliyaviy munosabatlar bo‘lsa, ikkinchisi ayollar bilan bo‘lgan munosabatlar. Shu bois ham mazkur ikki narsa xususida Kitobu Sunnatda ko‘p va xo‘p o‘git va ogohlantirishlar kelgan. Shariat ilmiga oid kitoblarimizga nazar solsak, kasbu kor va pul topishga oid ko‘plab hukmlar bayon qilinganligining guvohi bo‘lamiz. Bu ham bo‘lsa pul topish, mol dunyo orttirish kabi rizqqa oid masalalarning dinimizda nechog‘li muhim o‘rin tutganligidan darak beradi. Inson topayotgan pulini qayerdan kelib, qayerga sarflayotganiga jiddiy ahamiyat bermog‘i lozim.

Zero, insonning rizqi haloldan bo‘lsa, ko‘ngli xotirjam, duosi tez ijobat qilinadigan bo‘ladi. Kimning duosi mustajob ekan, dunyoda undan kuchli inson bo‘lmaydi. Nabiy alayhissalom Sa'd ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhuga ”Ey Sa'd, halqumingni pokla, duosi ijobat qilinadiganlardan bo‘lasan!”, degan ekanlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Boz ustiga topayotgan rizqining haloldan bo‘lishiga e'tibor bermasdan aralash - quralash, harom - harish yeb - ichish, odamlarni aldab yoki zulm qilib pul topish dunyoyu oxiratda yomon oqibatlarga sabab bo‘ladi. Bolalar tarbiyasi buziladi. Ularning yaxshilikka bo‘yin egishi, mo‘min-qobil bo‘lib voyaga yetishi qiyinlashib qoladi. Chunki harom luqma kishining tabiati va ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi. Oxiratda hisob-kitobi esa hammasidan og‘ir bo‘ladi. Shu bois Qur'oni karim va hadisi shariflarda halol-pokiza narsalardan rizqlanishga targ‘ib etilar ekan, ayni chog‘da harom yo‘llar bilan kasb qilishdan qattiq qaytariladi. Ribo - sudxo‘rlik esa harom qilingan kasblarning eng avvalida turadi.

Shariatimizda umumiy ma'noda riboning ikki xil turi haqida so‘z boradi. Biri nasiya ribosi, ikkinchisi fazl (ortiqlik) ribosi deb ataladi. Nasiya ribosi ma'lum muddatga qarz berib, uni qaytarib olayotganda berilgan qarzdan ortiqroq miqdorda pul olishda namoyon bo‘ladi. Zamonaviy va xalqona ibora bilan aytganda bu protsentga pul berish deb ataladi. Fazl (ortiqlik) ribosi esa ikkita bir jinsdagi narsa ayirboshlanayotganda teng ravishda ayirbosh qilinmasligida kuzatiladi. Bunga misol tariqasida ikkita tillo yoki ikkita kumush yoxud biror valyuta bir-biri bilan ayirboshlanayotganda 100 gramm tillani 110 gramm tillaga almashtirish yoki 100 000 so‘mni 90 000 so‘mga almashtirish kabi holatlarni olish mumkin. Agar shunday qilinsa, bu shubhasiz ribo bo‘ladi va uni qilganlar qattiq gunohkor bo‘ladilar.