RF prezidenti Vladimir Putin 13 noyabr kuni Sochida turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan terrorizmga qarshi kurash hamda Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi.
Kreml ma'lumotiga ko‘ra, ikki siyosatchi uchrashuvida hududiy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va energetika sohasida hamkorlik qilish xususida gaplashishadi.
Suriyadagi vaziyat

Oktyabr oyi oxirida Putin va Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi. Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini, jumladan, yirik energetik qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qilishgan. Ularning suhbatidan Suriya mavzusi ham o‘rin olgandi. Sentyabr oyi oxirida Putin Anqaraga kelgandi, Erdo‘g‘anning Rossiyaga oxirgi tashrifi esa 2017 yilning 3 mayida ro‘y bergan.
Rossiya, Turkiya va Eron Suriyadagi harbiy harakatlar to‘xtatilishi uchun kafil mamlakatlar hisoblanadi. Astanada o‘tkazilgan muzokaralarda bu borada kelishuvga erishilgandi. Qozog‘iston yanvar oyidan buyon Suriyaning kelajagi bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilib kelmoqda.
14-16 sentabr kunlari o‘tkazilgan Ostona muzokaralarining oltinchi raundi yakunlariga ko‘ra Suriyada 4ta harbiy harakatlardan xoli hudud tashkil etishga kelishilgan. Yettinchi raund 31 oktabr kuni yakunlandi, unda Sochida Suriya milliy muloqoti kongressini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Rossiya rahbari bundan avvalroq 18 noyabr kuni Sochida shunday kongress chaqirish tashabbusi bilan chiqqandi, unga 33 tashkilot taklif etilgan.
Suriya muxolifati esa bunday kongress dekabr oyi boshida o‘tkazilishi kutilayotganini ma'lum qildi. Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuvda ushbu kongressga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha ham suhbat bo‘lib o‘tishi mumkin.
Suriyada qurolli nizolar 2011 yil martidan buyon davom etib kelmoqda. BMT ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida 220 mingdan ortiq kishi fuqarolik urushi qurboniga aylandi. Bu ziddiyatni hal etish uchun jahon davlatlari Astana va Jyenevada muloqotlar o‘tkazib kelishmoqda.
Putin bundan avvalroq Suriya bo‘yicha kelishuv – Rossiya va Turkiyaning umumiy yutug‘i ekanini e'tirof etgandi. Erdo‘g‘an ham Rossiya bilan Suriyada tinchlik o‘rnatish yo‘llarini qidirish uchun hamkorlik davom ettirilishini aytib o‘tgan. Moskva va Anqara Suriya masalasida Astana kelishuvlariga amal qilinishini bildirgan.








