O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidagi za'faron plantatsiyasida birinchi hosil yig‘ib olindi. Shahrisabz tumanida joriy yilning avgustida Qashqadaryodagi ilk za'faron plantatsiyasi tashkil etilgandi. Hosil oktabr o‘rtalarida yig‘ib olina boshlandi. Dastlabki kunlar za'faronning 3-4 ming guli, so‘ngra 7-8 ming guli terildi.
Hosil terib bo‘linishi bilanoq qayta ishlanadi. Undagi qizil ustunchalar ajratilib, quritishga jo‘natiladi.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, za'faron gullari ular paydo bo‘lishi bilanoq uzib olinishi kerak. Bunda asosiy qimmatga ega xomashyo qizil ustunchalar bo‘lib, ular quritilib, yanchiladi. Buning evaziga “qizil oltin” deb ataluvchi xomashyo olinadi. Bir gektar plantatsiyadan o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm za'faronning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.
Za'faron xalq tabobatida ko‘plab kasalliklarni davolash uchun ishlatiladigan eng qimmat ziravorlardan hisoblanadi. Uning shifobaxsh xususiyatlari qadimlardan ma'lum bo‘lgan. Misol uchun, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino za'faron damlamasining iste'mol qilinishi ko‘zni ravshan qilishi, yurak va nafas olish a'zolari faoliyatini yaxshilashini aytib o‘tgan.
Garchi hozirgi kunda za'faron o‘zining oldingi ahamiyatini yo‘qotib, undan faqat pazandachilikda foydalanilayotgan bo‘lsa-da, u oltinday qadrlanadi. Za'farondan ko‘z tomizg‘ichlari, turli-tuman dorilar, quvvatbaxsh damlamalar tayyorlanadi. Jumladan:
• onkologik kasalliklarning oldini oladi (o‘smaga qarshi ta'sir ko‘rsatadi va saraton hujayralari o‘sishiga to‘sqinlik qiladi);
• qonni tozalaydi (qonni tozalab, yangilaydi, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlab, organizmning barcha hujayralarini oziqlantiradi);
• miya faoliyatini yaxshilaydi (issiq sut bilan ichilgan za'faron bosh miya to‘qimalarining o‘sishiga yordam beradi, xotirani kuchaytiradi);
• bosh og‘rig‘i va uyqusizlikni qoldiradi;
• oshqozon-ichak funksiyasini tartibga soladi;
• ortiqcha safrodan xalos etadi;
• buyrak va o‘t pufagini tozalaydi (asal qo‘shilgan za'faron buyrak va o‘t pufagidagi toshlarni parchalaydi);
• antioksidant xususiyatga ega (quvvat almashinuvini yaxshilaydi, zararli moddalarni nobud qiladi);















