KUN.UZ muxbirining Qashqadaryo viloyatiga safari chog‘ida “Sho‘rtanneftegaz” MChJ “Tezkor” guruhining sobiq boshliqlaridan biri Normurod Qaysarov murojaat qildi. U 2018 yil 9 yanvarda hamkasblari M.Eshmirzayev, E.Nazarov va F.Sharipov bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5343-s/18 sonli murojaat qilganidan keyin, MChJ rahbariyati tomonidan ularga nisbatan tayziqlar o‘tkazila boshlanganini bildirdi.

Foto: Normurod Qaysarov/Kun.uz

Qaysarovning ta'kidlashicha, u va “Tezkor” guruh boshliqlarining Prezident qabulxonasiga yozganlari isbotini topgan va 2018 yil 10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi Chigil sexiga tegishli 0.530*19 mm.li quvurning 13-kilometridan 39-kilometrigacha bo‘lgan masofada o‘rnatilgan jami 17 ta xufyona vintel aniqlanib, stakan usulida ta'mirlangan.

Buni 2018 yil 11 yanvarida NGKI bo‘limi boshlig‘i Z.Ne'matov, Chigil sexi boshlig‘i J.Qodirov, KTTs tarmoq boshlig‘i Z.Salomov, Tezkor tarmog‘i boshlig‘i v.v.b. Doniyorov, guruh boshlig‘i R.Luqmonov, tezkor guruh qo‘riqchilari D.Karamatov, J.Ko‘charov, B.Nazarov, A.Saidov va boshqalar ishtirokida tuzilgan dalolatnoma ham tasdiqlaydi. Qolaversa, qo‘riqchilar tomonidan yozilgan va nusxalari tahririyatga taqdim etilgan bildirishnomalarda ham 2017 yil 15 dekabrdan xufyona vintellar aniqlangani qayd etilgan.

KUN.UZ muxbiri va operatori gaz kondensati “favvora” bo‘lib otilgan hamda vintellar o‘rnatilgan ayrim joylarda bo‘ldi va o‘z ko‘zi bilan o‘g‘irliklar sxemasini aniqladi.

Ma'lum bo‘lishicha, g‘arazgo‘ylar gaz kondensati quvuriga vintel o‘rnatadi hamda vintelga ulangan kichik diametrli quvurchalar yer ostiga ko‘milgan holda tortib ketiladi. Ularning uzunligi bir necha yuz metr va hatto bir necha km.ni tashkil etishi mumkin. Asosiy quvurdan ma'lum bir uzoqlikda handaq yoki chuqurcha kovlanib, unga tselofan to‘shaladi. Bu yerda gaz kondensati to‘planadi. Sutkaning qorong‘u vaqtida, o‘zlarini jasur bilganlari kunduzi ham mashinalarda gaz kondensatini kanistrlarga solib tashishadi.

Xususan, o‘rganishlarimiz asnosida oq rangli “Neksiya” rusumli avtomobilning (davlat raqami tahririyatda mavjud) haydovchinikidan boshqa barcha o‘rindiqlar ko‘rpachalar bilan to‘ldirilgan holda ketayotganiga guvoh bo‘ldik. Hamrohimiz gaz kondensati shu usulda tashilishini, ko‘rpachalar ostida kondensat to‘ldirilgan kanistrlar yashirilganini ta'kidladi.

Ammo, MChJ rahbariyati Virtual qabulxonaga murojaatni boshqacha baholagan ko‘rinadi. 2018 yil 15 yanvarda MChJ direktori huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda N.Qaysarov, I.Nazarov, M.Eshmirzayev va F.Sharopovlarning Virtual qabulxonaga yozilgan murojaati muhokama qilingan va unda keltirilgan vajlar qanchalik haqqoniyligiga xolis baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. “Sho‘rtanneftegaz” MChJning 2018 yil 31 yanvardagi 112-son buyrug‘iga ko‘ra, I.Nazarov, M.Eshmirzayev va F.Sharopovlarga Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan hayfsan e'lon qilingan. Buyruqda ularning “jamoa o‘rtasidagi muhit buzilishiga sababchi bo‘layotgan omillar paydo bo‘lishiga sharoit yaratib berganliklari” ta'kidlangan. Bu yerda men tushunmayotgan narsa shuki, demak, o‘zlari chora ko‘rmaganlaridan so‘ng, yuqori idoralarga murojaat qilish jamoa o‘rtasidagi muhit buzilishi hisoblanar ekan-da?

Qaysarovga ko‘ra, u mas'ullar amaliy harakatlar boshlamagani, quvur bo‘ylab boshqa vintellar yo‘qotilmagani, o‘ziga nisbatan turli tayziqlar va tahdidlar qilina boshlanganidan so‘ng (uning aytishicha, xohlaganingga bor, urug‘-aymog‘ing bilan yo‘q qilaman, qabilidagi), Prezidentning virtual qabulxonasiga hamda Bosh prokuraturaga 2018 yil 16 fevralda takroriy murojaat yo‘llagan. 19 fevral kuni xodimlar bo‘limi yetakchi muhandisi G‘ayrat Toshev (aslida, Qaysarovning aytishicha, xodimlar bo‘limining norasmiy rahbari, xat-hujjatlarga yoshgina bola rahbar sifatida imzo qo‘yar ekan) Qaysarovga vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun ishdan bo‘shatilganini aytgan, lekin biror hujjat taqdim etmagan.

Albatta, ushbu mavzu bo‘yicha o‘rganishlarimiz davom etadi hamda keyingi maqolalarda ularning natijasi taqdim etiladi. Ammo KUN.UZ tahririyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar e'tiborini xalq va davlat mulki bir guruh shaxslar tomonidan talon-toroj qilinganiga qaratadi. Umid qilamizki, qonun ijrosini ta'minlovchi idoralar maqola sarlavhasida qo‘yilgan savolga javob topishadi hamda o‘g‘irliklar bo‘layotgani haqida xabar bergan xodimning asossiz ravishda ishdan bo‘shatilishiga (u mutasaddi rahbarlar chora ko‘rmagani sababli yuqoriga ma'lum qilishga majbur bo‘lgan) ham baho berib, uning poymol etilgan huquqlari tiklanishida amaliy yordam ko‘rsatadi. Davomi bor...