Prezident energetika sohasidagi muammolarni keskin tanqid qilib, tarmoqni isloh qilish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi. Shuningdek, sohada kadrlar o‘zgarishi ro‘y berib, yangi energetika vaziri tayinlandi. Bundan tashqari, migratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar, xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarliklar va kunning boshqa mahalliy xabarlari bilan tanishtiramiz.

Prezident energetika tizimidagi boshqaruvni keskin tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sohadagi boshqaruv tizimi keskin tanqid qilinib, mas’ul rahbarlar faoliyatiga baho berildi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, bir qator kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Prezident energetika sohasida muammo mablag‘da emas, balki boshqaruvda ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda tarmoqqa 23 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9,5 gigavatt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun esa 30 trillion so‘m yo‘naltirilgan.

Shunga qaramay, Prezident aholi va tadbirkorlar energetika tizimi rahbarlari faoliyatidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi. Faqat iyun-iyul oylarining o‘zida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lib, ayrim hududlarda elektr ta’minoti 8-10 soatgacha uzilgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda kadrlar bo‘yicha ham qarorlar qabul qilindi. «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Asrorjon Askarov lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilanib, natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirildi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov ishdan ketdi, yangi vazir tayinlandi

Prezident qarori bilan Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika vaziri lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Sherzod Xo‘jayev tayinlandi. Bundan avval uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.

Sherzod Xo‘jayev tayinlovga qadar Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan. U energetika sohasida 1998 yildan buyon faoliyat yuritib keladi va 2019-2023 yillarda vazir o‘rinbosari bo‘lgan.

Energetika tizimidagi kadrlar o‘zgarishi bu bilan cheklanmadi. Prezident qarori bilan «O‘zenergoinspeksiya» rahbari ham almashdi. Inspeksiyaga Ahadxon Isoqjonov rahbar etib tayinlandi, Dadajon Isaqulov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Xorijliklarni ro‘yxatga olmaganlarga javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Endi qonunchilikdagi yangiliklarga o‘tamiz. Qonunchilik palatasi deputatlari migratsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Unda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish hamda bu talablarni buzgan tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, mehmonxona, sanatoriy, klinika va boshqa qabul qiluvchi tashkilotlar xorijliklar haqidagi ma’lumotlarni E-mehmon axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritmagan taqdirda, ularga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Shuningdek, qonun loyihasi fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishga oid atama va huquqiy mexanizmlarni amaldagi qonunchilik bilan muvofiqlashtirishni ham nazarda tutadi. Muhokama yakunida hujjat deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Belarusda ish va’dasi bilan aldangan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Endi xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq xabarlarga o‘tamiz. Belarusga ishlash uchun borgan O‘zbekiston fuqarosi ish beruvchi va’dasi bajarilmay, mablag‘siz va og‘ir ahvolda qoldi. Minsk shahriga yetib borgach, uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan.

Fuqaro yordam so‘rab O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasiga murojaat qilgan. Diplomatlar va Migratsiya agentligi hamkorligida unga aviachipta rasmiylashtirilib, Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytarilgan.

Fuqaro 24 iyul kuni Belavia aviakompaniyasining Minsk–Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Kanadadan Germaniyagacha: ish va’dasi bilan firibgarliklar fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Kanada, Yaponiya, Slovakiya va Germaniyaga ishga jo‘natish yoki viza rasmiylashtirib berishni va’da qilgan bir nechta shaxs aniqlandi.

Jumladan, Buxoroda to‘rt nafar fuqaroni Kanadaga ishga yuborish uchun 5 ming dollar talab qilgan shaxs 3 ming dollar olgan vaqtida fosh etildi. Toshkentda esa Yaponiya vizasini rasmiylashtirish bahonasida 1 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Namanganda Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilgan mansabdor shaxsdan olingan pul qaytarildi.

Shuningdek, poytaxtning Uchtepa tumanida Germaniyaga ishga jo‘natishni va’da qilib 8 million so‘m olgan mas’ul shaxslar ham javobgarlikka tortilmoqda. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Surxondaryo va Jizzaxda qariyb 9 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida qariyb 9 kilogramm giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi.

Surxondaryoning Termiz tumanida dala maydonidan 4 kilogramm gashish topilgan bo‘lsa, Jizzax shahrida to‘xtatilgan fuqaroning xo‘jalik qopidan 4 kilogramm 840 gramm kannabis aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.