27 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat rahbari Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmayotganini tanqid qildi.
“Odamlar ham, tadbirkorlar ham tizimga mas’ul rahbarlarning hozirgi ishidan mutlaqo norozi. Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, dedi prezident.
Iste’fo va tayinlovlar
Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar fonida bir qator rahbarlar ishdan olindi. Xususan, 2022 yilning sentyabridan beri energetika vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori sifatida ishlab kelayotgan Sherzod Xo‘jayev egalladi.
Shuningdek, «O‘zenergoinspeksiya» rahbari Dadajon Isaqulov o‘rniga Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Ahadxon Isoqjonov, «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari Asrorjon Asqarov o‘rniga esa Sardor Isaqulov tayinlandi. Isaqulov avval «Issiqlik elektr stansiyalari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari hamda Energetika vazirligining Markaziy dispetcherlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Bundan tashqari, «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija bo‘lmasa, ular ham ishdan ketishi haqida ogohlantirildi.
«Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!» – dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, oxirgi yillarda energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, joylarda 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trillion so‘m ajratilgan. Bu oldingi 25 yilda yo‘naltirilgan mablag‘dan 6 karra ko‘p.
So‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanida elektr iste’moli 2 karradan ziyod oshgan. Biroq mas’ullar va hokimlar tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmagan. Davlat rahbari har bir uzilish tadbirkorlar va iqtisodiyotga qancha zarar keltirgani hisoblab chiqilmaganini tanqid qildi. Hokimlar energiya iste’moli balansini aniq bilmagani uchun milliardlab mablag‘ havoga uchgan.
“Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi”, dedi prezident.










