O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kuni-kecha qabul qilingan qaroriga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Foto: UZA

Aytish joizki, bugungi kunda hududlarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar tibbiy xizmat sifatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida ham 2000 nafarga yaqin shifokorga ehtiyoj bor. Ayniqsa, viloyatdagi QVPlar va qishloq oilaviy poliklinikalarini umumiy amaliyot shifokorlari bilan ta'minlash darajasi 50 foizga ham yetmaydi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda, jumladan, joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashib, boshqa sohalar bilan bir qatorda sog‘liqni saqlash tizimida mavjud bunday muammolarni bartaraf etish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etilishi bu muammo yechimi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 23 yanvardagi 12-sonli bayonnomasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga joriy o‘quv yili uchun 300 nafar surxondaryolik yoshlar tumanlar kesimidagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni qoplash maqsadida ajratilgan kvotalar asosida qabul qilindi. Quvonarlisi shundaki, ushbu talabalar bugungi kunda aniq maqsadi va ish joyiga ega. Chunki, har bir talaba viloyat xokimligi bilan kelishgan holda qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun shartnoma imzolagan.

Ta'kidlash lozimki, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali eng so‘nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid barcha asbob-uskunalar — fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Oliy ta'lim dargohida tibbiyotga oid adabiyotlar bilan to‘liq ta'minlangan axborot resurs markazi, turar joy va yotoqxonalar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy yopiq sport inshootlari barpo etilgan.