Bugun, 9 mart kuni ertalab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahriga uchib ketdi. Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati, Tojikiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati, shuningdek boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan kun bo‘yi e'lon qilingan xabar va yangiliklar asosida voqea tafsilotlarini taqdim etadi.
Dushanbe shahridagi xalqaro aeroportda Shavkat Mirziyoyevni qo‘shni davlat rahbari Imomali Rahmon, shuningdek, hukumatning boshqa a'zolari kutib olishdi. Ikki davlat rahbarlari faxriy qorovul ortidan o‘tishdi.


Shundan so‘ng prezidentlar Tojikiston rahbarining qarorgohi — «Qasri millat» saroyiga yo‘l olishdi. Qarorgohda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.

Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro qatnovi uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi.
Ikki mamlakat hukumatlariga o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning tarkibini diversifikatsiya qilish masalalarini o‘rganish topshirildi. Foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga solish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi, turli qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev «bir plyus bir» shaklidagi uchrashuv boshlanishidan avval matbuot uchun qisqacha bayonot berdi.
«Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlari yaqin vaqt ichida strategik sheriklik darajasiga chiqadi. Toshkent Dushanbe bilan munosabatlarni barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlantirib boradi», — deya aytib o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishdi.




















