Ijtimoiy tarmoqlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik boʻyicha ogʻzaki koʻrsatma berilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy oʻquv yilidan xorijlik abituriyentlarni Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni Study in Uzbekistan yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

Platforma orqali xorijlik abituriyentlar Oʻzbekistondagi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim dasturlari, qabul shartlari va toʻlov miqdorlari haqida maʼlumot olishi, hujjatlarni elektron shaklda topshirishi hamda ariza holatini kuzatishi mumkin.

Tizim xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonining ochiq va shaffof boʻlishini taʼminlash, ularning vositachilarga bogʻliqligini kamaytirish hamda oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratish maqsadida joriy etilgan.

Platformada roʻyxatdan oʻtish bepul. Abituriyent oʻzi tanlagan oliy taʼlim tashkilotiga bevosita ariza yuborishi mumkin.

Vazirlik Oʻzbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklash emas, aksincha, uni kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Asosiy maqsad xorijlik talabalar geografiyasini kengaytirish, Oʻzbekistonni taʼlim olish uchun jozibador mamlakat sifatida targʻib qilish va taʼlim eksportini barqaror rivojlantirishdan iborat.

Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmini har bir oliy taʼlim tashkiloti oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilaydi. Bunda oʻquv auditoriyalari, laboratoriya bazasi, professor-oʻqituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.

Xorijlik abituriyentlarga rasmiy Study in Uzbekistan platformasidan foydalanish, qabul shartlari haqidagi maʼlumotlarni bevosita tanlangan OTMdan olish va turli vositachilarga asossiz toʻlov qilmaslik tavsiya etildi.

Qabul jarayonida muammoga duch kelgan abituriyentlar platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.