Sport | 17:52 / 13.03.2018
5491
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo polvonlari Puna shahrida qit'a chempionligi uchun gilamga tushadi

Foto: KSAO

Osiyo–Okeaniya Kurash Konfederatsiyasining (KSAO) taqvimiga asosan joriy yil 22-25 mart kunlari kurash bo‘yicha X Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu haqda KSAO matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yubiley tarzida tashkil etilayotgan navbatdagi qit'a birinchiligiga Hindistonning Puna shahri mezbonlik qiladi. 

Musobaqalar erkaklar o‘rtasida 7, ayollar o‘rtasida 8 vazn toifasida o‘tkaziladi.
  
Chempionat dasturi doirasida Osiyo–Okeaniya Kurash Konfederatsiyasining ijroiya qo‘mitasi majlisi va KSAO Kongressi tashkil etiladi.
  
Kongress kun tartibiga Konfederatsiya vitse–Prezidentlari va qo‘mita rahbarlari hisobotlarini tinglash, yangi federatsiyalarni a'zolikka qabul qilish, kurashni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish va boshqa masalalar kiritilgan.

Musobaqa davomida joriy yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha bellashuvlarini boshqaradigan hakamlar uchun maxsus o‘quv-seminari o‘tkaziladi. Shuningdek, 2017 yilning turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan shaxslarni taqdirlash marosimi tashkil etiladi.

Hindiston Kurash federatsiyasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, mazkur nufuzli kurash bayramini yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Kurash bo‘yicha Osiyo chempionatlariga shu paytgacha Toshkent, Shahrisabz (O‘zbekiston), Dehli, Kerala (Hindiston), Tehron, Mashhad (Eron), Qobul (Afg‘oniston), Ulan-Bator (Mongoliya), Bayrut  (Livan) shaharlari mezbonlik qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid