Osiyo oʻyinlarining toʻqqizinchi kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 11 ta sport turida musobaqalarda qatnashdi.

Kun davomida 2 ta oltin va ikkita bronza medal qoʻlga kiritildi – shundan uchtasi kurashdan.

Kurash

Bugungi bahslarda Oʻzbekiston kurash jamoasining 3 nafar vakili gilamga chiqdi va barchasi sovrindor boʻldi.

Kurash boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Shohista Nazarova Osiyo oʻyinlarining bronza medalini qoʻlga kiritdi. -78 kg vazn toifasida qatnashgan sportchi oʻz ishtirokini chorakfinalda turkmanistonlik Nurana Hezretovani magʻlub etishdan boshlagandi (3:0). Ammo yarim final bahsida u oʻzbekistonlik boshqa bir kurashchi Pokizaxon Kamoliddinovaga qarshi gilamga chiqishiga toʻgʻri keldi va magʻlubiyatga uchradi (0:5).

photo_2026-09-28_10-18-49

Oʻz navbatida, Pokizaxon Kamoliddinova finalda Janubiy Koreya vakili Sumin Modan ustun keldi (10:0) va Osiyo oʻyinlari oltin medaliga ega chiqdi. U final sari yoʻlida Nazarovadan tashqari qirgʻizistonlik Azhar Isayeva (10:0) va turkmanistonlik Sabina Qodirova (10:0) kabi raqiblarni ham taslim etgandi.

photo_2026-09-28_11-07-55

Shuningdek, erkaklar oʻrtasida -81 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Ahror Ziyodullayev ham gʻoliblik nashidasini surdi. U chorak finalda afgʻonistonlik Zabihulloh Ehsoniy (10:0), yarimfinalda qozogʻistonlik Adilet Axmetgali (10:0) ustidan gʻalaba qozondi, oltin uchun kechgan bahsda esa eronlik Ramin Ahmadzodadan ustun keldi (3:0).

photo_2026-09-28_11-16-43

Oʻzbekiston kurash jamoasi Osiyo oʻyinlaridagi medallari sonini 6 taga yetkazdi: bir kun oldingi bahslarda ham ikkita oltin va bitta bronza qoʻlga kiritilgandi.

Boks

Bugungi bahslarda Oʻzbekiston boks jamoasining besh nafari ringga chiqdi va shundan toʻrt nafari oʻz ishtirokini davom ettirdi.