Kurash boʻyicha musobaqada yarimfinal bahsi oʻzbekistonlik kurashchilar dueliga aylandi. Shuningdek, oʻzbekistonlik bokschilardan uch nafari yarimfinal masalasini hal qildi.Osiyo oʻyinlari arafasida sport fuqaroligini oʻzgartirib, Oʻzbekiston nomidan qatnashgan Anastasiya Baxtireva va Violetta Yevenko (har ikkisi ham Yevropa chempionlari) sinxron suzish boʻyicha musobaqada natija koʻrsata olmadi.
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasiFoto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
27-sentabr kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari 2026-yilgi Osiyo oʻyinlarida 13 ta sport turida ishtirok etdi. Kun davomida 2 ta oltin va 2 ta bronza qoʻlga kiritildi.
Kurash
Bugungi bahslarda Oʻzbekiston kurash jamoasining 4 vakili gilamga chiqdi.
57 kilogrammgacha vazn toifasida Ibodatxon Agojonova dastlabki bosqichda qozogʻistonlik Rauza Nurmaxamedovani magʻlub etdi (3:0), chorak finalda yaponiyalik Demura Karendan ustun keldi (5:0), yarimfinalda esa Yaponiyaning yana bir vakili Kuroki Natsumi bilan bellashdi va uni ham taslim etdi (10:0). Finalda Xitoy Taypeyi vakili Li Vang-Tingni ham yengdi va oltin medalni oʻziniki qildi.
Xuddi shu vazn toifasida bahslarda qatnashgan Fotima Qodirova esa saralash bosqichida vetnamlik Pam Nguyen Hong Moni magʻlubiyatga uchratdi (5:0), nimchorak finalda qozogʻistonlik Zarina Saripovani magʻlub etdi (3:0), ammo chorakfinalda keyinroq Agojonovaga yarimfinalda yutqazgan yaponiyalik Kuroki Natsumi toʻsigʻidan oʻtolmadi (0:5).
+90 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan kurashchi Bekmurod Oltiboyev ishtirokini chorakfinaldan boshladi va moʻgʻulistonlik Durenbayar Ulzibayarning kuragini yerga tekkizdi (1:0), ammo yarimfinalda oʻzbekistonlik boshqa bir kurashchi Shohruxxon Baxtiyorovga yutqazdi (0:3) va bronza bilan kifoyalanadigan boʻldi.
Oʻz navbatida, uni yengib finalga chiqqan Shohruxxon Baxtiyorov hal qiluvchi bahsda tojikistonlik Shakarmamad Mirmamadov ustidan gʻalabaga erishib (5:0), Osiyo oʻyinlari chempioni unvonini qoʻlga kiritdi.
Boks
Oʻzbekiston boks jamoasi bugungi dasturda ham yoʻqotishlarga uchradi.
Mavzuga oid
Ayollar oʻrtasida -54 kg vazn toifasida ringga chiqqan Nigina Oʻktamova tailandlik Natnicha Chongprongklang bilan jang qildi. Oʻzbekiston vakili barcha raundlarda faol harakat qildi va koʻproq zarbalar berdi, ringdagi referi tailandlik sportchidan sustkashligi uchun ochko olib tashladi, ammo yakunda referilar kutilmagan natijani eʼlon qilishdi (2:3). Nigina turnirdagi ishtirokini ikki kun oldin tojikistonlik Bibinashastamo Xolova ustidan gʻalaba qozonish bilan boshlagandi (5:0), ammo endi turnirni medalsiz tark etadigan boʻldi.
-65 kg vazn toifasida jang qilgan Navbahor Hamidova ham ishtirokini chorak finalda yakunladi. Ushbu sportchi uch kun oldin Janubiy Koreya vakili Sujin Seon ustidan gʻalabaga erishgandi (5:0), ammo bugun hindistonlik Parvinga yutqazib qoʻydi (0:5).
Bu boks jamoasidagi ikkinchi va uchinchi yoʻqotishlar boʻldi. Bir kun oldin erkaklar oʻrtasida -55 kg vazn toifasida Samandar Olimov dastlabki bosqichda tailandlik Kangpi Boxuntodga qarshi jang qilgan, uch raund davomida ham ustunlik qilganiga qaramay, yakunda hakamlar gʻalabani raqibga berib yuborishgandi (2:3).
Bugun erkaklar oʻrtasida -80 kg vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev ham Osiyo oʻyinlaridagi yurishini boshladi. U birinchi jangini chorakfinalda Shri-Lanka vakili Yazmin Mohammedga qarshi oʻtkazdi. Raqibidan har jabhada ustun boʻlgan Erkinboyev jang taqdirini 1-raunddayoq hal qildi (referi jangni muddatidan oldin toʻxtatdi) va keyingi bosqichga yoʻl oldi.
-60 kg vazn toifasida esa Abdumalik Halokov chorakfinal doirasida filippinlik Junmilardo Ogayre toʻsigʻidan oʻtdi (5:0) va yarim finalga yoʻl oldi.
Bugun +90 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Jahongir Zokirov ham Osiyo oʻyinlarining chorak final bahsida ringga koʻtarildi. Unga bu bosqichda tojikistonlik Muhammad Abroriddinov raqiblik qildi. Butun jang mobaynida ustunlikka erishgan Zokirov 5:0 hisobida zafar quchdi va yarim finalga yoʻl oldi.
Qilichbozlik
Jamoaviy sablya boʻyicha bahslarda Oʻzbekiston ayol qilichbozlar jamoasi Osiyo oʻyinlari bronza medaliga ega chiqdi. Zaynab Dayibekova, Fernanda Errera, Gulistan Perdebayeva va Samira Shokirovadan iborat jamoa chorak finalda Hindiston ustidan gʻalaba qozongandi (45:35), ammo yarim finalda Yaponiyaga 33:45 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Oʻzbekiston erkaklar jamoasi esa shpaga boʻyicha bahslarning saralash bosqichidayoq Janubiy Koreyaga yutqazdi (33:45).
Sinxron suzish
Anastasiya Baxtireva va Violetta Yevenko sinxron suzishda 270.5893 ball toʻrtinchi natijani qayd etdi va medalsiz qolishdi (uchinchi oʻrindagi Qozogʻiston jamoasi 286.0826 natija qayd etgan). Anastasiya Baxtireva 2025-yilgi jahon chempionatida kumush medal olgan, uch karra Yevropa chempioni hisoblanardi. U oʻz sherigi Violetta Yevenko (u ham Yevropa chempioni boʻlgan) bilan Osiyo oʻyinlari arafasida sport fuqaroligini oʻzgartirgan va Oʻzbekiston jamoasiga qoʻshilgandi.
Yengil atletika
Joriy Osiyo oʻyinlarida uch hatlab sakrashda chempion boʻlishga ulgurgan Sharifa Davronova uzunlikka sakrash boʻyicha musobaqada 6-oʻrin bilan cheklandi.
Koʻpkurash boʻyicha bahslar finaliga chiqqan Shokirov Zahriddin 4-, Nodir Norboyev esa 9-oʻrinni band etdi.
Nayza uloqtirishda qatnashgan Nargizaxon Qoʻchqorova ham saralashdan oʻtdi, ammo finalda toʻrtinchi oʻrin bilan kifoyalandi.
Nodir Anvarov uzunlikka sakrashda oʻz guruhida eng yuqori natijani qayd etib, finalga yoʻl oldi. Medallar uchun bahslar 28-sentabr kuni boʻlib oʻtadi.
Oʻq otish
Nigina Saidqulova 25 metrdan toʻpponchadan oʻq otish boʻyicha bahslarda 290-7x natija bilan 45 sportchi orasida yettinchi boʻldi.
Havodagi nishonga oʻq uzish boʻyicha musobaqada Azamat Qayumov 7-, Oxunjon Abduqodirov 24-, Timur Yenaliyev esa 34-natijani qayd etdi.
Chim ustida hokkey
Chim ustida hokkey boʻyicha Oʻzbekiston ayollar jamoasi guruh bosqichida Indoneziyaga qarshi oʻyinda (2:1) turnirdagi ilk gʻalabasiga erishdi. Bungacha jamoa Hindiston (0:19), Tailand (1:3), Yaponiya (1:7) va Singapur (1:3) bilan oʻyinlarda yutqazgandi.
Handbol
Handbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar jamoasi Osiyo oʻyinlarida navbatdagi oʻyinni Hongkongga qarshi oʻtkazdi va 28:27 hisobida gʻalaba qozondi. Bu jamoaning turnirdagi ikkinchi gʻalabasi boʻldi – dastlabkisi 25-sentabr kuni Vetnamga qarshi oʻyinda qoʻlga kiritilgandi (29:21). Yana toʻrt oʻyinda – Yaponiya (12:43), Xitoy (14:37), Janubiy Koreya (13:43) va Qozogʻiston (20:35) bilan oʻyinlarda magʻlubiyatga uchralgan.
Volleybol
Oʻzbekiston erkaklar voleybol jamoasi turnirdagi ishtirokini Yaponiyaga 0:3 hisobida magʻlub boʻlish bilan boshladi. Jamoa guruhdagi keyingi oʻyinlarni Pokiston va Qozogʻistonga qarshi oʻtkazadi.
Tennis
Aralash juftlik bahslarida Sergey Fomin va Humoyun Sultonov juftligi Tayvan vakillari Huang Sung-hu va Vu Tung-lin juftligi ustidan gʻalaba qozondi: 4:6, 6:3, 10:3.
Yakkalik bahslarida Sevil Yoʻldosheva eronlik Mandegar Farzamiga (5:7, 3:6) yutqazgan, Darya Shubina Hongkong vakili Shek Chek Ying bilan bahsni oxirigacha davom ettira olmagan.
Kamondan oʻq otish
Amirxon Sodiqov va Nilufar Hamroyeva aralash juftlik bahslarida Moʻgʻuliston vakillariga 0:2 hisobida (2:6, 0:2; 0:2, 0:2) magʻlub boʻlishgan.
Amirxon Sodiqov, Bekzod Boborajabov va Oʻtkirjon Hoshimov triosi ham jamoaviy bahslarda Indoneziyaga 0:2 hisobida (2:6, 0:2; 0:2, 0:2) yutqazishgan.
Ziyodaxon Abdusattorova, Nilufar Hamroyeva va Malika Anvarjonova Vetnamga 0:2 hisobida (0:6, 0:2; 0:2, 0:2) magʻlub boʻlgan.
Suvga sakrash (10 m sinxron platforma) boʻyicha musobaqada qatnashgan Abduvahob Vahobov va Amal Mavlonov juftligi 236.16 ball bilan olti juftlik orasida oltinchi boʻlishdi.
Hozirda Oʻzbekiston delegatsiyasi 10 ta oltin, 17 ta kumush va 11 ta bronza bilan toʻrtinchi oʻrinni mustahkamlagan.