Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Ruhiy holati buzilgan shaxslarning hisobi va dinamik kuzatuv tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, dispanser kuzatuvi davolash-profilaktika muassasalarining uchastka shifokor psixiatrlari tomonidan olib boriladi.

Dispanser kuzatuvi og‘ir barqaror yoki tez-tez zo‘rayib turuvchi dardchillik ko‘rinishlari bo‘lgan surunkali va uzoq cho‘ziladigan ruhiy holatning buzilishiga chalingan shaxsning, shuningdek uning qonuniy vakilining roziligidan qat'i nazar o‘rnatilishi mumkin.

Dispanser kuzatuvi ruhiy buzilishning umumlashgan quyidagi belgilarga mos keluvchi shaxslarga nisbatan belgilanadi:

ruhiy buzilish surunkali yoki davomiy bo‘lishi zarur;
kasallikning alomatlari og‘ir bo‘lishi zarur;
kasallikning og‘ir alomatlari turg‘un yoki tez-tez qaytalanadigan bo‘lishi zarur.

Bemor nazoratini belgilash uchun yuqorida ko‘rsatilgan barcha belgilarning mavjudligi asos bo‘ladi. Biror bir belgining mavjud emasligi yoki uning boriga shubha tug‘ilgan paytda dispanser nazoratini belgilash masalasini qoldirish lozim, ushbu belgilar ulardan biri, yoki bir nechtasi bo‘lmagan taqdirda psixiatr yordami maslahat berish-davolash muolajasi ko‘rinishida amalga oshiriladi.

Dispanser hisobi va kuzatuvini o‘rnatish hamda uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror, ambulatoriya psixiatriya yordamini ko‘rsatayotgan psixiatriya muassasasining ma'muriyati tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki sog‘liqni saqlash organi tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

Agar davolash-profilaktika muassasasi xizmat ko‘rsatadigan hududda psixiatriya yordami bitta shifokor psixiatr tomonidan ko‘rsatilsa, bunday qarorni u mustaqil ravishda uch oydan oshmagan muddatga qabul qiladi. Shu muddat ichida masala ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasalari shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shifokor psixiatrlar komissiyasiga, dispanser hisobi va kuzatuvini o‘rnatish hamda uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror qabul qilish uchun bemorlarni kelishini ta'minlash hamda hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim qilish hududiy uchastka shifokor psixiatrlari tomonidan ta'minlanadi.