Komila Abdullayevaning Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, ustozi birinchi prezident davrida Toshkent viloyatida bir manyak tomonidan zoʻrlangan va oʻldirilgan 28 nafar qizaloqlar bilan bogʻliq vahshiylik haqida gapirib bergan.

«Bu toifadagi jinoyatlar afsuski tarixdan har doim boʻlgan. Rahmatli ustozimning qandli diabetlari bor edi. Kuzatishimcha organda ishlaganlarning koʻpi yo infarkt, yoki instult, yo qandli diabet orttirgan. 60-65 yosh orasida vafot etishlaram koʻp uchraydi. Ustozimdan bu kasalga chalinish sababini soʻraganimda «bitta manyak tufayli orttirganman» dedilar. Oʻsha manyak 28 ta qizchaning umriga zomin boʻlgan. Biz hammamiz shokda qoldik.

Ustozimiz aytayotgan gap real fakt, oʻsha paytda Toshkent viloyati prokurori edim dedilar. Birinchi kuni 8 ta yoki 9 ta qizchani zoʻrlaydi, qurbonni oʻldiradi. Ular manyakning izini yoʻqotishadi. Ikkinchi kuni qurbonlar 20 taga yaqinlashib qoladi. Qonunga koʻra, agar oʻta ogʻir yoki shunaqa favqulodda holat boʻlsa Bosh prokuror zudlik bilan prezidentga yoki senatga hisobdor, darhol xabar berishi kerak. Oʻsha paytda prezident Islom Karimovga yetib borgan bu gap. Shaxsan oʻzi telefon qilib «Senga bir kun muhlat, topsang top, boʻlmasa oʻzingni oʻldirgin» degan. Shundan keyin katta armiya jalb qilinadi oʻsha izni yoʻqotmaslik uchun. Oʻsha kuni manyak toʻqqizinchi qizni zoʻrladi-yu, lekin oʻldirishga ulgurmagan boʻlgan paytda ushlangan. Ushlandi degan xabar kelganda yiqilgan ustozim. Koʻzlarini ochganda shifoxonada boʻlgan. Shunda «saxar»ingiz oshib ketibdi deyishgan va oʻzlariga kelishlari qiyin boʻlgan.

Mening hayotimda eshitgan eng oʻta vahshiy jinoyatlardan bittasi shu. Hali bundan ogʻir keysni eshitmaganman. Haqiqatdan ham ogʻir keys va endi oʻzimcha hozirgi fikrim bilan oʻylayman, agar birinchi kuni shu narsa ommaviy axborot vositasida eʼlon qilinganda, balki boshqa qizlar tirik qolarmidi deb» deydi Abdullayeva.