Jahon | 15:27 / 01.07.2018
8259
8 daqiqa o‘qiladi

Barak Obama ommaviy siyosatdan chetlashdi, aksariyat uning qaytishini istamoqda

Iyun oyi oxirida New York Magazine'da siyosiy sharhlovchi Gebriel Debenedettining "Barak Obama qayerda?" nomli maqolasi taqdim etildi. Nashrda qayd etilishicha, Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylanganidan keyin Obama siyosatni tark etdi va 2017 yildan beri katta o‘zgarishlar kuzatilgan mamlakatdagi vaziyatga deyarli izoh bermagan. Bu ko‘plab amerikaliklar va uning Demokratik partiyadagi ba'zi hamkasblarining hayratiga sabab bo‘lmoqda. 

Foto: Alex Wong/Getty Images North America

Tramp inauguratsiyasidan yarim yil o‘tgach Obama ehtiyotkorlik bilan ba'zi siyosiy bayonotlarini bildirdi — bu Obamacare tibbiy sug‘urta tizimi himoyasi va iqlim o‘zgarishiga doir Parij shartnomasini qo‘llab-quvvatlashga tegishlidir. Hatto Tramp boyskautlarning milliy s'yezdidagi ishtirokiga siyosiy tus berib, sahnadan turib Obamani biror marta skautlar oldida chiqish qilmaganida ayblagan bo‘lsa-da, u sukut saqlashni ma'qul topgan, deyiladi manbada. 

So‘nggi bir yarim yilda siyosatchilar, oddiy amerikaliklar va mashhur shaxslar bir necha marta "Obama qayerda?" savolini berishdi. 2017 yilning noyabrida Saturday Night Live teleshousida "Barak, qayt" musiqiy nomeri havola etildi, basketbolchi Kobe Brayant esa "Biz barchamiz uni sog‘inyapmiz" dedi. FRB sobiq direktori Jyeyms Komi ham shunga iqror bo‘ldi. Obama mamlakat aholisi tomonidan ham keng miqyosda qo‘llab-quvvatlanmoqda: hozir uning AQSh prezidenti lavozimidagi faoliyatini amerikaliklarning deyarli uchdan ikki qismi yoqlaydi. 

Foto: Elsa/Getty Images

"Odamlar uning aralashuvini kutishda davom etishmoqda, uni so‘rashmoqda va hatto shunday bo‘lmayotganidan taassufdalar, - deydi Obamaning aloqalar bo‘yicha sobiq yordamchisi Jyennifer Palmiyeri. - Ular "otasi", uyini sog‘inishgan; dunyo shu qadar tushunarsiz vaziyatdaki, odamlar tanish va qadrdon kishisini sog‘inmoqda".

New York Magazine sharhlovchisining fikricha, Tramp boshqaruvi tugaganidan keyin, ehtimol, Amerika Obama "uning darajasigacha tushmaganini" qadrlar, biroq sobiq prezidentning siyosatdan chetlashuvi yetakchilikdan bevaqt voz kechish bo‘lib chiqishi ham mumkin. "Gap shundaki, bu vaziyat barcha sobiq prezidentlarning vaziyatidan farqlanadi, - dedi nashrga tarixchi Julian Zelitser. - Mamlakat boshqaruvida qandaydir inqiroz sezilmoqda".

Foto: Chicago Tribune/TNS/Getty Images

Obama prezidentlik lavozimini tark etganidan keyin pulli ma'ruzalar o‘qib, butun dunyoni kezdi, sobiq va amaldagi siyosiy yetakchilar bilan uchrashdi. Eng qizig‘i, bularning bari ommaga oshkor etilmadi. "U bu xalqaro diplomatiya o‘yiniga o‘xshab ko‘rinmasligi uchun astoyidil harakat qiladi, lekin unga yaqin odamlarning ishonch bilan ta'kidlashicha, bu uchrashuvlar dunyo so‘nggi manziliga yetib kelmaganiga o‘ziga xos kafolat sifatida o‘ylangan", - deb yozadi New York Magazine.

Sobiq prezidentning ikki asosiy yangi ishi - bu kitoblar yozish va shaxsiy fondining yaratilishi. 2017 yilda Barak va Mishel Obamalar Penguin Random House nashriyoti bilan memuarlarni chop etishga doir bitim imzolashdi; sobiq birinchi raqamli xonimning kitobi 2018 yilning noyabrida taqdim etilishi kutilmoqda, Barak Obamaning xotiralari taqdiri esa hozircha noma'lum. Obamaning tanishlaridan "uning erishayotgan yutuqlari haqida so‘rashganda xo‘rsinib qo‘yishadi". Ular Obama kitob ustidagi ishlarga ko‘p vaqt ajratgani, lekin ko‘pincha do‘stlari va sobiq hamkasblari bilan uchrashuvlarga chalg‘iyotganini ta'kidlashmoqda. 

Foto: Chicago Tribune/Erin Hooley

Obamaning fondi "yangi yetakchilar"ni tarbiyalashga doir global tashabbus sifatida o‘ylangan; 2018 yilda Chikago universitetida fond bilan hamkorlikdagi ta'lim dasturiga start berilgan, 2021 yilda esa shaharda Prezident markazi va muzeyi ochilishi kerak. 

Manbada qayd etilishicha, Barak Obama muntazam ravishda loyiha ustida ishlayotgan me'morlar va salohiyatli homiylar bilan uchrashmoqda. Vaziyat bilan tanish manbalarning nashrga ma'lum qilishicha, Obamaning maqsadi — fond faoliyati uchun 500 million dollardan  milliard dollargacha mablag‘ yig‘ish; bir martalik xayriya summasi 10 va hatto 20 milliongacha yetishi mumkin. Yirik mablag‘ ajratganlar orasida — Bill va Melinda Geytslar fondi, millioner va filantrop Mark Benioff va Hollivud rejissyori va prodyuseri Jyey Jyey Abrams.

AQShning sobiq birinchi juftligi shuningdek film va seriallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni rejalashtirishmoqda. 2018 yilning may oyida Barak va Mishel Obamalar Netflix bilan shartnoma imzolab, shaxsiy Higher Ground Productions prodyuserlik kompaniyasini ishga tushirishdi. Biroq manbalarning aytishicha, birinchi reliz 2019 yoki 2020 yildagina chiqishi mumkin.

Foto: The Washington Post/Getty Images

New York Magazine'da ta'kidlanishicha, Barak Obamaning Amerika siyosatiga aralashish istagi bo‘lmasa-da, u Tramp boshqaruvi ketidan respublikachilar bekor qilishga qaror qilgan Obamacare dasturini qutqarishga urinishida norasmiy muhim rol o‘ynadi. Obama ma'muriyatining sobiq xodimlari dasturni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy kampaniyani tashkil qilishdi. Ularga hatto tibbiy sug‘urtaning boshqa dasturi hisoblangan Medicare'ni qo‘llab-quvvatlovchi Berni Sanders ham qo‘shildi. Obama Obamacare'ni qo‘llab-quvvatlovchi birorta rasmiy tadbirda ishtirok etmadi, lekin o‘zining "Feysbuk"dagi sahifasida amaldagi ma'muriyatning xatti-harakatlarini tanqid qildi. Senatdagi ovoz berish jarayonidan oldin esa Alyaska gubernatoriga qo‘ng‘iroq qildi, zero natijalar aynan shu shtat senatorining ovoziga bog‘liq edi. 

Obama shuningdek AQShning sobiq bosh prokurori Erik Xolderga Demokratik partiyani isloh qilishga doir qo‘mita tashkil qilishga yordam berdi, New York Magazine buni "uzoq muddatli islohotlarni ko‘zlab, vaqti-vaqti bilan siyosatga qaytish uchun yaxshi imkon" ekanini qayd etdi. Partiya yetakchilari bilan suhbatlarda sobiq prezident kongress saylovlarida demokratlarni qo‘llab-quvvatlashga, saylov kampaniyalariga mablag‘ jalb qilishga yordam berishga va'da berdi. Biroq ko‘p partiyadoshlari uni o‘z fondi faoliyati uchun pul yig‘ib, ko‘p salohiyatli homiylar resurslarini sarf qilgani uchun tanqid qilishmoqda.

Barak Obamaning o‘zi 2018 yilgi saylovlarda asosiy nomzod bo‘lmasligini va partiyaning yangi yetakchilariga ishonch bildirayotganini ta'kidlamoqda. U bu haqida bayonot bildirmay, 2020 yilda prezidentlik poygasida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yosh va umidli demokrat-siyosatchilarga shaxsan maslahatlar bermoqda. Bundan esa uning kelasi poygada qatnashish istagi yo‘qligini sezish qiyin emas.

Mavzuga oid