
1989 yilning 6 sentabrida Angliya terma jamoasi sardori va yetakchisi Terri Butcher Shvetsiyaga qarshi jahon chempionati saralash o‘yinida sheriklarini maydonga boshlab tushdi. Dastlabki daqiqalardayoq uning peshonasi yorildi. Ammo qonga belangan Butcher maydonni tark etishni istamadi va boshiga bint bog‘langan holda o‘yinni davom ettirdi.
O‘yinning asosiy qismini «ikkinchi qavatda» o‘tkazgan himoyachiga bint dosh bera olmadi. Butcherning o‘yin tugagandan keyin, hammayog‘i qonga bulangan, ammo mamnun holdagi rasmi butun ingliz matbuotida tarqab ketdi. Aynan shu rasm ingliz xalqining, mamlakat futbolining jangovor xarakteri va irodasi timsoli sifatida haligacha namoyish etib qilinadi, qandaydir entikish bilan eslanadi.

Keyingi yillarda futbol ham, Angliya terma jamoasi ham ancha o‘zgardi, tabiyki. Uzoq vaqt Rio Ferdinand – Jon Terri yulduzli juftligida, umuman juda ko‘p yuqori maqomdagi yulduz futbolchilar to‘p surganiga qaramasdan, har xil murabbiylar kelib ketsa-da, natija bo‘lmadi. Rossiyaga esa, bir qator yosh va yangi futbolchilar bilan kelgan Angliyaga nisbatan qo‘yingki, favorit, shunchaki, uzoqroqqa borishi mumkin bo‘lgan o‘rtamiyona sifatida ham munosabat yo‘q edi.
1/8 finaldan oldin, Angliya terma jamoasi raqibi kolumbiyaliklar ustozi Xose Pekerman shogirdlarini o‘ynash uchun emas, jang qilish uchun maydonga tushirayotganini ta'kidladi. Rostan ham shunday bo‘ldi, 3 iyul kuni «Spartak» stadionida kechgan o‘yin futboldan ko‘ra, jangni eslatardi, turli to‘qnashuvlar, simulyatsiyalar, ayyorona zarbalar – hammasidan bo‘ldi. Janubiy Amerika futboli uchun bu juda odatiy holat, ammo Harri Keynni haqiqiy yo‘lboshchi sifatida ko‘rayotgan Angliya tarkibida kolumbiyaliklarga turib bera oladigan haqiqiy jangchi qidirilganda, boshqa bir futbolchi ko‘z ongimizda gavdalanadi.
O‘yinda sovuqqonlik bilan penalbtini ijro etgan Harri Keyn ham emas, inglizlarning doimiy penaltilar seriyasidagi omadsizlik an'anasiga nihoyat barham bergan Jordan Pikford ham emas...
O‘sha oqshom terma jamoa libosida boshqa qahramon – uch yil oldin Chempionshipda to‘p surib yurgan, Fransiyada o‘tgan Yevropa chempionatiga esa, bir guruh o‘rtoqlari bilan muxlis sifatida tashrif buyurgan markaziy himoyachi porladi.

Bu o‘yin sheffildlik Harri Maguayr faoliyatida cho‘qqi (keyingi o‘yinda Maguayr yanada yuqoriga sakradi va Shvetsiya termajamoasi darvozasiga boshi bilan gol urdi) edi. Hozir futbolchi 25 yoshda, Premer Ligada esa, 2015 yilning yozida debyut qilgandi. Ungacha Harri «Sheffild Yunayted» va «Hall Siti» tarkibida Birinchi Liga va Chempionshipda kurashgan, 2017 yilda «Hall» APLni tark etgach, «Lester» tarkibidan joy oldi va o‘tgan mavsumning eng yaxshi himoyachilaridan biriga aylandi. (Endilikda Joze Mourino uni o‘z jamoasi tarkibida ko‘rmoqchi bo‘layotgani ham ko‘p ta'riflardan yuqori baho bo‘ladi).



















