Harri Maguayr 80 million funt evaziga «MYu»ga o‘tdi va shu tariqa futbol tarixidagi eng qimmatbaho himoyachiga aylandi. Uni «Yunayted»ga olib kelishni o‘z vaqtida Mourino ham xohlagandi. Xo‘sh, «MYu» nega Maguayrni naq 80 million funt to‘lab bo‘lsa-da sotib oldi? Arzonroqqa boshqa himoyachi olishi mumkin emasmidi? Angliyada beso‘naqayligi hazil qilinadigan Maguayr nega «MYu»ga kerak bo‘lib qoldi?
Qimmat bozorda narx-navo ham qimmat bo‘ladi
Futbol tarixidagi eng qimmatbaho himoyachilar ro‘yxatiga qarasangiz, ularning aksari oxirgi yillarda ingliz grandlari xarid qilgan futbolchilar. Angliyada oddiy futbolchilar uchun ham 30-40 million funtni ayamay sarflashayotgan bir vaqtda APLda qimmatbaho futbolchilarning ko‘p bo‘lishi tabiiy. Chunki APL bugun eng qimmat futbol bozori va turgan gapki bu yerda narx ham yuqori bo‘ladi.
Masalan, Maguayr ishonchli o‘yin ko‘rsatishda Bonuchchi, Ramos yoki Pikega yaqinlasha olmasligi ham mumkin, ammo u uchun Angliyada bir vaqtlar Ronalduning transfer qiymatiga teng bo‘lgan summani ham to‘layverishadi. Chunki ingliz klublarida pul juda-juda ko‘p. Pul ko‘p bo‘lganidan keyin boshqalar uchun juda qimmat ko‘ringan narsa ular uchun oddiy hol bo‘lib tuyulaveradi. Masalan, bizda benzin narxi «atigi» 57 sent va bu odamlarga qimmatlik qilmoqda. Aytishlaricha, BAAda benzin 62 sent va bu narx ular uchun «sariq chaqa». Chunki bizda yarim dollar topish BAAdagiga qaraganda qiyin.
Mana shu mantiqdan kelib chiqsak, «MYu» ayni damda Angliyaning eng zo‘r himoyachisi uchun 80 million funt to‘laganini normal qabul qilish mumkin. «MYu»ga aynan Maguayr toifasidagi himoyachi juda kerak edi. Katta klublar o‘zining nozik nuqtasini yopish uchun katta pullarni ayamay sarflashadi va ular shuning uchun ham katta klub.
«Katta kalla», «ayiqpolvon», beso‘naqay...
Maguayrning laqabi ko‘p va ularning barchasi beso‘naqayligi bilan bog‘liq. Uni endilikda sobiq jamoadoshi Jyeymi Vardi «katta kalla» deb atardi. Bir kuni Vardidan bu haqda so‘rashganida: «Axir uning boshi chindan ham katta, qarang», degandi. Vardi o‘zi «Lester»da hammaga laqab qo‘yib chiqadigan futbolchi hisoblanadi. Maguayrga ayniqsa «ayiqpolvon» degan laqab loyiq tushadi. «Yunayted»da bu laqabga mos yana bir futbolchi bor. Bu – Fil Jons, ammo ser Alekc davridan buyon o‘ynab kelayotgan kam sonli futbolchilardan biri bo‘lgan Jons bu transferdan so‘ng zaxirada qolish ehtimoli yuqori.
Birinchi uzatmaning samaradorligi, ishonch va yetakchilik
Maguayrning o‘z qiymatidan qimmat transfer qilingani haqida ko‘p gapirishmoqda, ammo uning ustun jihatlari ko‘p. Birinchidan, Maguayr hujumni boshlashni yaxshi uddalaydi. Uning birinchi uzatmasi yaxshi. Mourino klub rahbariyatida birinchi pasi bo‘lgan himoyachi kerakligini aytib, bekorga ularni bezor qilmadi, chunki jamoaga chindan ham birinchi uzatmasi yaxshi bo‘lgan himoyachi kerak edi. Smolling, Jons, Lindelyof bu xislatlari bilan maqtana olishmaydi.













