Telegram muloqot uchun juda qulay platforma. Rossiyalik dasturchi Pavel Durov tomonidan 2013 yilda foydalanishga taqdim etilgan ushbu messenjer keng imkoniyatlari, guruh va kanal boshqaruvi, tekin xizmat, o‘ziga xos dizayni bilan ommaviy muloqot vositasiga aylana oldi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda ham ushbu messenjer keng muloqot maydoniga aylangan.

Albatta, messenjerlar haqida fikr bildirganda ma'lumotlar xavfsizligiga ham alohida to‘xtalish zarur.

Oxirgi yillarda ko‘plab mamlakatlarda mahalliy messenjerlar yaratish orqali ularning xizmatlari o‘zlashtirilayotgani inobatga olinsa, kelajakda ushbu xizmatlarning ham mahalliylashishini taxmin qilish mumkin.

Respublikamizda ham mahalliy messenjerlarni yaratish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 avgustdagi “Global internet axborot tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi № 625 sonli qarorning kompleks dasturida “Milliy messenjerlar yaratish va rivojlantirish” ishlari ham o‘rin olgan .

Mavzuni bejiz messenjerlardan boshlamadik. Bir necha kun avval kelajakda O‘zbekiston uchun asosiy muloqot vositasi sifatida Telegram o‘rnini bosa olishi mumkin bo‘lgan Pager nomli dastur va ushbu dasturning mobil ilovasi yaratilgani haqida eshitdik.

Foto: Pager 

Ho‘sh, Pager o‘zi qanday dastur va muloqot vositasi sifatida haqiqatdan ham Telegram o‘rnini egallay oladimi? Ushbu mavzular yuzasidan “ORIENT SOFTWARE TEAM” kompaniyasining asoschilaridan biri, dastur yaratuvchisi Anvar Karimov bilan suhbatlashdik.

- Dastlab jamoangiz va dastur haqida ma'lumot bersangiz.

Anvar Karimov:

-Jamoamiz dasturiy mahsulotlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kompaniyamiz xodimlari turli xil dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha katta tajribaga ega yoshlar hisoblanishadi. Jumladan, ikki yildan buyon dunyoda ommaviy hisoblangan messenjerlar, ularning samarasi va qo‘shimcha imkoniyatlarini o‘rganish ustida ish olib bormoqdamiz. Maqsad-O‘zbekiston uchun qulay, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan samarali ommaviy muloqot dasturini yaratish va tashqi internet xarajatlarini kamaytirish.

Pager dasturida matn, rasm, kontaktlar, media fayllarni yuborish, shuningdek barcha foydalanuvchilarni qiziqtiruvchi audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.