Urush... Qonli janggoh... Ota-ona, opa-singil, sevikli yor, qon-qarindosh, Vatan uchun maydonga kirgan mardlarni yer tishlatgan qop-qora so‘z. «Urush noming o‘chsin jahonda» deb yolvorganlarning akasi, otasi, o‘g‘li, uning iskanjasidan omon kelmagan. Tishlangan non esa hamon rizqi bu dunyodan uzilgan egasini kutadi... «Oy borib, omon qayt» deb navqiron, to‘y ko‘rmagan o‘g‘lini urushning shafqatsiz qo‘llariga tutqazgan ona kecha-yu kunduz bedor...

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida tashkillashtirilgan II jahon urushiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishida xuddi shu manzaralar ham aks etdi. 1941 yil jami 6 million aholisi bor O‘zbekistondan 1,5 millionga yaqin kishi Vatan tinchligi, yurt tuprog‘i uchun jangga otlandi. Afsuski, ularning orasidan ona yurtga qaytib kelganlar soni juda-juda oz edi.

Gollandiya hududidagi Amersfort lagerida qahramonlarcha halok bo‘lgan, fashistlar tomonidan ham ruhan, ham jismonan og‘ir qiynoqlarga solinsa-da, ularning poyiga mag‘rur boshini qo‘ymagan, oxirgi nafaslari qolguncha Vatanini sotmagan, och-nahor, eng og‘ir ishlarga jalb etilsa-da, ahilligini yo‘qotmay, bir-birini suyagan, insonparvarlik g‘alabasini qozonib, shafqatsizlarcha otib tashlangan 101 nafar o‘zbek jangchisi esa bugungi bolalar uchun chinakam ibrat, faxr-iftixor, g‘urur baxsh etadi.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 iyuldagi PQ-3880-sonli Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida II jahon urushida fashizmga qarshi kurashda ishtirok etgan o‘zbekistonliklarning nomini abadiylashtirish, mardona kurashgan ota-bobolarimizning hayoti misolida yosh avlodni tarbiyalashga mo‘ljallangan «101» loyihasini amalga oshirish belgilangan edi.

Mazkur «101» loyihasi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Respublikaning boshqa davlat tashkilotlari tashabbusi bilan tadqiqotchi janob Remko Reyding boshchiligidagi Niderlandiya delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.