2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marotaba achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi. Kun.Uz tahririyati bu tadbirning viloyatlarda qanday olib borilgani, uning natijalari qanday bo‘lgani, achchiq qalampir ekkan fermerlarni qiynab kelayotgan muammolar to‘g‘risida bir qancha maqolalarni tayyorlab, jamoatchilik e'tiboriga havola etib kelmoqda.

Navbatdagi lavha Xorazm viloyatida achchiq qalampir ekkan fermerlarning yutuq va muammolari haqida.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida 60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni Respublikamizning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

2018 yil 27 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi. Qarorni bajarish “O‘zbekoziqovqatxolding” va “O‘zagroeksport” ta'sischiligida tashkil etilishi belgilangan “Chiliuz” tashkiloti zimmasiga yuklandi. Bu vaqtda mazkur tashkilot hali mavjud bo‘lmagani bois, qalampir ko‘chatlari yetishtirish, ularni fermerlarga yetkazib berish vazifasi vaqtinchalik asosda umuman boshqa faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) MChJga topshirildi.

Pishib yetilgan hosilni fermerlardan cheklanmagan miqdorda sotib olish esa, Xorazm viloyatida «Xorazm Chiliuz» MChJga biriktirildi.

Mavzuga doir:

Qalampir ekkanlarni ham piyoz ekkanlarning qismati kutmoqdami?Qalampirning «achchig‘i» Samarqandga ham yetib keldi(mi?)«Chuv tushgan dehqon endi qalampir chaynaydimi?» Andijonlik fermerlarda ham achchiq qalampir muammosi

Umuman, Xorazm viloyatida 130 fermer 138,5 gektar yerga achchiq qalampir ko‘chatini qadadi. Keyinchalik yerlarning sho‘rlanishi, suv taqchilligi va boshqa sabablar natijasida ekin maydonlari qisqarib, 95 gektarni tashkil etdi.