Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda bandlik, uy-joy ta'minoti va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi bir qancha masalalar hal etildi
Surxondaryoda O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan «O‘zbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari» shiori ostida yoshlar festivallari o‘tkazildi. Festival davomida yosh olimlar, tadbirkorlar, sportchilar, psixologlar, yozuvchi va shoirlar, san'at va madaniyat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining mas'ullaridan iborat 41 nafar targ‘ibotchi viloyatning 13 tumani va bir shahri bo‘ylab «Yoshlar poyezdi» targ‘ibot aksiyalarini o‘tkazib qaytishdi. O‘tgan 3 kun mobaynida yoshlar muammolari chuqur o‘rganilib, har bir masalaning hal etilishiga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirildi.
20ta loyiha aniq reja va ezgu maqsadli bo‘lib, ular kutilgan natijani bergan.

«Viloyatda 1,5 million atrofida yoshlar bor, ularning bandligini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, mafkuraviy tahdidlar va axborot xurujlaridan asrash, tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy ta'minoti bilan bog‘liq masalalarni hal etish asosiy vazifamizdir. Festival ana shu vazifalarning ijrosini ta'minlashga ko‘makchi bo‘ldi», — deydi Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ro‘zimurod Choriyev.
Yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan 414 nafar talabaga shartnoma pulining 35 foizi, 11 nafariga esa 50 foizi to‘lab berildi. 8 ming nafar jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar nogironlik aravachalari, o‘quv qurollari, kiyim-kechaklar bilan ta'minlandi. 17 nafar yosh bemorning davolanishi uchun moddiy va ma'naviy ko‘mak berildi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlar festival doirasida ham amalga oshirildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan o‘tkazilgan «Yoshlar festivallari»da 22 ming nafardan ziyod yoshlar bir maqsad, ya'ni «O‘zbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari!» shiori bilan amalga oshirilayotgan muhim loyihalar atrofida birlashishdi. Ishtirokchilarning barchasida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, iqtidori va shijoatini safarbar etgan holda jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish istagi bor.

Viloyatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyasi bilan 68 nafar ishsiz yoshning bandligi ta'minlanib, 450 nafar yosh ishga joylashish bo‘yicha ro‘yxatga olindi. 115 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, 600 nafardan ortiq aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Dasturga oid loyihalar ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, jismoniy imoniyati cheklangan yoshlar uchun unutilmas uchrashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, denovlik Ollomurod Mirzayev ham bu festivaldan juda xursand. Sababi endi uning doimiy qo‘rg‘oni bor. Festival doirasida denovlik ana shunday 32 nafar yosh oilaga «Yoshlar uylari» taqdim etildi.


«Bugun men uchun bir umr quvonch bilan eslaydigan kun. Sababi, yoshlar tashkilotidagi kamtarona faoliyatim davlatimiz tomonidan e'tirof etilib, mana shunday fayzli xonadon egasi bo‘ldik. Rostini aytsam, Prezidentimizning bizga bo‘lgan mehrlarini ifoda etguvchi uy sohibi bo‘lish sharafdir. Shuningdek, ushbu uylarning boshlang‘ich to‘lovlarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilishi ham endigina oila ostonasiga qadam qo‘ygan, o‘zini o‘nglay boshlagan yosh oilalar uchun ayni muddao. Xalqimizda «Hovli olma, qo‘shni ol», degan naql bor. Yon-atrofimizdagi barcha qo‘shnilar ham aynan yosh oilalar ekanligi meni ikki karra shod etdi», – deydi Ollomurod Mirzayev.
Yoshlar bandligini ta'minlash ham davrning dolzarb muammosiga aylangan. Bu borada qilingan amaliy ishlar natijasida birgina Sherobod tumanidagi «Bo‘sh ish o‘rinlari» yarmarkasi orqali yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar «Sherobod Textile Invest» va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga qarashli Sherobod sement zavodlariga 50 nafar yosh ishga joylashdi. 200 nafar aholi esa bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

«Ittifoq qoshida tashkil etilgan to‘garaklar bilan tanishib chiqish jarayoida xorijiy tillarni o‘rgatish to‘garagini o‘zim uchun belgilab oldim. Chunki men ingliz tilini o‘rganishga qiziqaman. O‘quvchi dugonalarim bilan birgalikda, darsdan so‘ng ushbu to‘garakka qatnamoqchimiz. To‘garaklarning bepulligi bizni yanada quvontirdi», – deydi Dildora Musayeva.

Sariosiyo tumanida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Bu uchrashuvda Respublika targ‘ibot guruhi a'zolari ham ishtirok etishdi. Unda Sabrina Ro‘ziqulova iqtidorli, bilimli, fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan, turli sohalarda tumanimiz rivojiga hissa qo‘shayotgan yoshlar uchun «Hokim stipendiyasi»ni joriy etish taklifini o‘rtaga tashladi. Ushbu taklif Sariosiyo tumani hokimi tomonidan ma'qullandi. Tajribali psixologlar ishtirokida Sariosiyo tumani chekka qishloqlaridagi yosh oilalar bilan psixologik suhbatlar o‘tkazildi.

Termiz shahridagi «Pattakesar» mahallasida zamonaviy sun'iy qoplamali futbol maydonchasi yosh, havaskor futbolchilarga bir olam quvonch ulashdi. Angor tumanidagi targ‘ibotlarda 350 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etib, aksiya doirasida bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchi yoshlarga qishki kiyimlar va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muzrabot tumanida «Sud va yoshlar» uchrashuvi orqali yoshlarning huquqiy savodxonligi oshirildi. Ularga xorijga chiqish tartibi, mehnat huquqlari, migratsiya sohasidagi davlat siyosati, mahalliy qonunchilik normalari haqida ma'lumotlar berildi. «Yoshlar kutubxonasi» rukni ostida chop etilayotgan badiiy kitoblar taqdimoti o‘tkazilib, faol yoshlarga badiiy adabiyot durdonalari sovg‘a qilindi. Targ‘ibotchilar guruhi «Obihayot» mahallasida barpo etilgan kutubxonaning o‘quv zallari, kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Qiziriq tumanidagi «Sport haftaligi»da ikki ming nafar yigit-qiz futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalarda bellashishdi. Termiz tumanida «Yoshlar poyezdi» targ‘ibot aksiyasi doirasida «Termiz Cargo centre» MChJda yosh tadbirkorlar uchun «Biznes sayohat» seminari hamda «Karvonsaroy» majmuasida mahorat darslari tashkil qilindi.
«Surxondaryoda 684 nafar yosh tadbirkorning biznes loyihalari tasdiqdan o‘tgan. Jami 57 milliard 890 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgach, viloyatdagi ishsiz yoshlar soni 4 mingtaga kamayadi. Hozirga qadar surxondaryolik 261 nafar yosh tadbirkor «Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasi ko‘magida o‘z tadbirkorligini boshlab, 800 nafar yoshning bandligi ta'minladi», – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘lim boshlig‘i Feruz Ablayorov.

Termiz shahridagi 12-sonli «Mehribonlik uyi»da taniqli san'atkorlar va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Surxon Teks» MChJda «Karera loyihasi» bo‘lib o‘tdi. Yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida kasb-hunar kollejida mehnat yarmarkalari tashkil etildi.
Boysun tumanidagi 6-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida «Kamalak yulduzlari» tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi. Mazkur tadbir doirasida yoshlar tomonidan «Ittifoq o‘tovi» hamda ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi 20-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida «Ijodkor va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Amaliy ishlar yakunida festivallar doirasida yaqindan yordam bergani uchun 30ta hamkor tashkilot hamda tuman (shahar) hokimliklari taqdirlandi. Tadbir davomida yoshlar sayllari ham tashkil etilib, jami 3 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi. Viloyat bo‘ylab turli xil sport musobaqalari, «Sud va yoshlar», «Hokim va yoshlar», «Tadbirkorlar va yoshlar» uchrashuvlari, «Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari» bo‘lib o‘tdi.
«Bu festival behuda uchrashuv, quruq va'da asosidagi muloqotlar, faqatgina yuqori kayfiyat ulashuvchi konsert dasturlaridan holi tarzda o‘tkazilib, 3 kun davomida xalq ichiga kirib borib, yuzma-yuz suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammoli holatlarni bartaraf etishga erishdik», – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Begmat Ochilov.
Mavzuga oid
18:28 / 20.06.2026
Surxondaryoda Aleksandr Fedin yaratgan o‘rmonzor "Dendrologiya bog‘i"ga aylantiriladi
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
18:00 / 12.06.2026
Surxondaryoda uch yigit suvga cho‘kib o‘ldi
20:37 / 03.06.2026