O‘zbekiston Moliya vazirligi, Markaziy bank boshqaruvi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining a'zolik badalini O‘zbekiston fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga o‘tkazib berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining a'zolik badalini O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga o‘tkazib berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, a'zolik badallari Kengash tizimini moliyalashtirish uchun tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining maxsus hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi. Tuman kengashlari tomonidan kelib tushgan a'zolik badallari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining maxsus hisobvarag‘iga, hududiy kengashlar tomonidan esa Kengashning maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Kengashga a'zolik badali quyidagicha belgilanadi:

·     paxta xomashyosi hamda donli ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun paxta xomashyosi hamda donning xarid narxidan 0,8 foiz miqdorida;

·      boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan pul mablag‘larining 0,5 foizi mikdorida;

·      dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari uchun Kengashga a'zolik to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda.

Kengashga a'zolik badallarini kirim qilish uchun tuman kengashlariga tijorat banklarida alohida 22626-son maxsus hisobvaraklari hamda kengashlarning daromad va xarajatlari uchun 20212-son asosiy hisobvaraqlari ochiladi.

Fermer xo‘jaliklari tomonidan har yili paxta xomashyosi hamda donli ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun paxta xomashyosi hamda donning xarid narxidan 0,8 foiz mikdordagi, boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan pul mablag‘larining 0,5 foizi fermer xo‘jaliklarining 23210-son maxsus hisobvarag‘iga kirim qilingan mablag‘lar hisobidan a'zolik badali summasi mutanosib ravishda oyma-oy tuman kengashlari tomonidan shartnomaga muvofiq qo‘yiladigan to‘lov talabnomalari va fermer xo‘jaliklarining to‘lov topshiriqnomalari asosida tuman kengashlarining 22626-son maxsus hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.

Dehqon xo‘jaliklari hamda tomorka yer egalarining a'zolik badali, tuman kengashi bilan tuzilgan a'zolik to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan mikdor va muddatlarda o‘tkazib beriladi.