O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni yoshlarga e'tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Ularning ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma'naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli bo‘ladi.

Ma'lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. 

Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste'dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. 

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. 

To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan. 

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalarini nazarda tutadi. 

Ana shu ezgu g‘oya Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida boshlanib, qisqa vaqtda ulkan ishlar amalga oshirildi. Sirdaryo viloyatidagi tuman va shaharlar kutubxonalariga 300 ming nusxada badiiy adabiyotlar yetkazib berildi. Musiqa va san'at maktablari cholg‘u asboblari, sport obektlari jihozlar bilan ta'minlandi. 

Bu ishlar Namangan viloyatida ham davom ettirilib, “Ma'rifat karvoni” tashkil etildi. Yoshlar uchun 25 ming dona kitob, 80 turdagi sport jihozlari va musiqa asboblari yetkazib berildi. 

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu 5ta tashabbus xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.