Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr - Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yoʻlladi.

Davlat rahbari oʻz hayotini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlagan barcha pedagoglarga minnatdorlik bildirib, Uchinchi Renessans poydevorini fidoyi ustozlarning faoliyati, kasb mahorati va qalb saxovatida koʻrishini taʼkidladi.

«Maktab kelajak bogʻi boʻlsa, muallim shu maskanda umid nihollarini oʻstiradigan mohir bogʻbondir. Oʻqituvchi - mehr daryosi, ezgulik bulogʻi, maʼrifat quyoshidir», - deyiladi tabrikda.

Prezident soʻnggi oʻn yilda taʼlim sohasida amalga oshirilgan oʻzgarishlarga ham toʻxtaldi. Uning qayd etishicha, hozir mamlakatda 40 ming oʻqituvchi 1 ming dollar, ularning 1,5 ming nafari esa 2 ming dollardan ziyod maosh olmoqda.

Joriy yil yangi formatda oʻtkazilgan «Yil oʻqituvchisi» tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi gʻoliblariga ilk bor 616 million soʻmdan mukofot berildi. Kelgusi yildan bunday ragʻbatlantirish mexanizmlari bogʻcha tarbiyachilari va texnikum ustalari uchun ham joriy etiladi.

Soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekistonda 1,8 million oʻrinli bogʻcha va 1,5 million oʻrinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod bogʻcha va maktab zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablari tashkil etildi. Oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 205 taga koʻpayib, oliy taʼlim bilan qamrov 45 foizga yetdi.

Mirziyoyev oʻquvchilarning xalqaro maydondagi natijalariga ham eʼtibor qaratdi. 2026-yilda oʻzbekistonlik oʻquvchilar xalqaro olimpiadalarda 228 ta medal qoʻlga kiritdi. Oʻquvchilik davrida xorijiy til va fan sertifikatiga ega boʻlgan yoshlar soni 100 ming nafarga yetdi, qariyb 5 ming maktab bitiruvchisi oliygohlarga kirishda eng yuqori ball toʻpladi.

Shuningdek, PISA reytingida 15 yoshli oʻzbekistonlik oʻquvchilar tabiiy fanlarni oʻzlashtirish boʻyicha 32 pogʻona yuqorilab, 48-oʻrinni egallagani qayd etildi. Oliygohlardagi 185 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 ta qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgan.

Prezident kelgusi oʻn yil Oʻzbekiston uchun milliy yuksalish davri sifatida belgilanganini taʼkidlab, uning tayanch asosi maktab, texnikum va oliygohlar boʻlishini bildirdi.

Ilgʻor pedagoglarni ragʻbatlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti taʼsis etilishi ham maʼlum qilindi.