Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qaytadan joylashtirildi.
Hujjatga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ixtiyoriylik;
haq to‘lash;
xususiylashtirilayotgan yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obektlarining umumiyligi;
ochiqlik va shaffoflik.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish qonun hujjatlarining talablariga muvofiq qat'iy amalga oshirilishi lozim.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi lozim.
Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqlarini o‘z xohish-irodalari bilan va o‘z manfaatlari yo‘lida amalga oshiradilar.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishga majburlash taqiqlanadi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘lov asosida amalga oshirilishi lozim.
Jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi faqat ushbu obektlarning egalariga tegishlidir.
Davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Ochiqlik va shaffoflik prinsipi Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof bo‘lishi lozim.
Davlat organlari va tashkilotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi axborotdan erkin foydalanishni ta'minlashi shart.
Ushbu Qonunning maqsadlari uchun xususiylashtirish obektlari quyidagilardan iborat:
yer uchastkalarida joylashgan yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilayotgan yoki ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obektlari, shuningdek ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalari;
















