Yigirma yillar muqaddam katta klublar yulduz futbolchilarni jalb qilib, ulardan bor imkoniyatni ishga solishni talab qilishgan va shu orqali sovrinlar yutish haqida o‘ylashgandi. Asrning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab esa, faqat tayyor futbolchilarga emas, futbol ilmi, tahlili va texnologiyalariga ham investitsiya kiritish samarali ekani oydinlashib bormoqda.

"Liverpul"da bugungi kunda besh nafar fan doktori faoliyat olib boradi. "Manchester Siti" o‘z stadioni atrofiga shaharcha qurib, u yerda eng zamonaviy mashg‘ulot kompleksini barpo qilmoqda. Ammo bu yo‘nalishda eng oldinga qadam tashlagan jamoa, shubhasiz, "Barselona"dir. 

2017 yilda Kataloniyada “Barca Innovation Hub” nomli innovatsion markaz tashkil etildi. BIH - olimlardan tashkil topgan guruh bo‘lib, ular kelajakda "Barselona" futbolchilarining boshqalardan kuchliroq, tezkorroq bo‘lishlari, kamroq jarohat olishlari va maydonda bir-birlarini yaxshi tushunishlari uchun ilmiy ishlar olib borishadi. Bu olimlar o‘z faoliyatlarida mutlaqo erkin bo‘lib, o‘z kashfiyotlarini La Masiyadagi basketbol, futbol, gandbol jamoalarida tarbiya olayotgan bolakaylardan tortib, Leo Messi ustida ham sinovdan o‘tkazish imkoniyatga egalar.

O‘yin tahlilida yangi davr

"Tahlil o‘yinda eng hal qiluvchi omil emas"  – degandi Valverde “Financial Times” jurnalisti Saymon Kuper bilan suhbatda. – Futbolda o‘yinni to‘xtatish, taym-aut olish mumkin emas, demak boshqa sport turlaridagi hamkasblarimizga qaraganda, biz o‘yinga ta'sir o‘tkaza olmaymiz. Maydon chetidan turib baqirganlarimni eshitishmaydi ko‘pincha. Futbol – futbolchilarnikidir. 45 daqiqa davomida barcha qarorlarni ularning o‘zlari. qisqa muddatda qabul qilishadi. Buyuk futbolchilar o‘yinni mendan ko‘ra yaxshiroq tahlil qiladilar, his qiladilar, bu aniq".

BIH ning faoliyati Valverdening so‘zlarini inkor qilmaydi, aksincha, aynan shu yo‘nalishdan, ya'ni futbolchilarning o‘yinga ta'siri ko‘proq ekanidan kelib chiqadi. Tabiiyki, futbolchi muhim, chunki aynan ularning harakatlari murabbiylarning eng kuchli rejalarini ham barbod qilishi mumkin. Shu farazlardan kelib chiqib, olimlar o‘yinni yaxshilash yo‘lida nostandart yondashadilar.

O‘n besh yil oldin futbolchilarning maydondagi harakatlarini va kilometrajni aks ettiruvchi xaritalar yoki aniq paslar statistikasi revolyutsion qadam edi. Hozir bunday tahlillar professional bo‘lmagan oddiy jamoalarda ham qo‘llaniladi va endi dronlar, GPSlar bilan futbolchining o‘yindagi yoki mashg‘ulotlardagi harakatlarini baholay olishmoqda. Tahlilchilar bu orqali pozitsiyani to‘g‘ri tanlash va ochiq zonalar tashkil qilish yo‘llarini qidirishadi.