Angliya: London yana qizil
«Arsenal» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Rodjers, 2 (0:1). Havers, 25 (1:1). Edegor, 50 (2:1)
«Arsenal»: Rayya, Gabriel Magalyayns, Konsa, Kalafiori (Inkapiye, 66), Uayt, Rays, Lyuis-Skelli (Subimendi, 67), Edegor (Merino, 77), Zolis, Saka (Madueke, 90), Havers (Yokeresh, 78)
«Chelsi»: Martines, Lakrua, Fofana, Achimpong, Jeyms, Lavia (Gyusto, 60), Hato (Chavarriya, 60), Pedru Netu (Estevao, 81), Palmer, Rodjers (Uelbek, 87), Joau Pedro
Ogohlantirishlar: Zolis, 58. Merino, 90 – Joau Pedro, 14. Palmer, 45. Lakrua, 58. Rodjers, 83
«Arsenal»ning «Chelsi»ga qarshi oʻyini – APLning yangi mavsumidagi ilk top darajadagi oʻyin boʻldi. Ikki jamoa ham derbiga yaxshi holatda – dastlabki ikki turda 100 foizlik natija qayd etgan holda yetib kelishdi. Tabiiyki, oʻyindan oldin Angliyaning amaldagi chempionlari favorit edi, qolaversa, Alonso shu kuni asosiy futbolchilari – Koluill va Kaysedodan foydalana olmasdi.
Oʻyin darhol hujumlar bilan boshlandi. Mehmonlar ikkinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi. Yozda «Arsenal»ga oʻtishi deyarli hal boʻlganida «Chelsi» ilib ketgan Rodjers gol urdi. Ushbu ingliz futbolchisining zarbasi kuchli chiqmagandi, ammo toʻp himoyachilar ortidan kelgani tufayli Rayya uni koʻrmay qoldi. Bu «Arsenal» uchun APL yangi mavsumida oʻtkazib yuborilgan ilk gol boʻldi. Endi «Xall» – oʻz darvozasini «quruq» saqlab qolayotgan yagona jamoadir.
Mezbonlar darhol javob qaytarishdi. 12-daqiqadagi jarima zarbasidan keyin toʻp «Chelsi» darvozasiga borib tushdi. Ammo VAR vaziyatga aralashib, Kalafioriga golli uzatma bergan Konsa ofsayd holatida boʻlgan deb topildi.
«Arsenal» baribir 25-daqiqada hisobni tenglashtirdi. «Chelsi» himoyachilari jarima maydoni atrofida Haversni ochiq qoldirishdi va Martines yaqin burchagidan toʻp olib chiqishga majbur boʻldi. Germaniyalik hujumchi sobiq jamoasiga urgan gollari sonini uchtaga yetkazib qoʻydi.

Boʻlim davomida «Arsenal» xotirjam harakat qildi, «Chelsi» esa boʻlim oxirida tezkor qarshi hujumda ikkinchi golni urishi mumkin edi. Ammo jarima maydoniga kirib zarba bergan Netu ustunni poyladi.
«Arsenal» koʻproq vaziyatlar yaratdi va bu vaziyatlar golga aylanishi vaqt masalasi edi. Tanaffusdan qaytganidan koʻp oʻtmay Arteta shogirdlari ajoyib hujum uyushtirishdi. Zolis chap qanotdan yerlatib jarima maydoniga uzatma berdi, Havers esa toʻpni nozik harakat bilan oʻz ortida ochilayotgan Edegorga oʻtkazib yubordi, mezbonlar sardori Martinesni osonlik bilan dogʻda qoldirdi.



















