Bir necha soat davom etgan shovqin-suron har qanday sog‘lom odamni charchatib qo‘yishi hech gapmas. Qarshi shahrida esa bir necha yildan beri xuddi shunday muhitda yashayotganlar bor ekan.
Qarshi shahrining «Naxshab» mahallasi, Jarariq ko‘chasida joylashgan uchta hovlining shundoqqina tepasida ikki yildan buyon qurilish ishlari davom etyapti. Bu yerda yashovchilar haligacha ko‘chirilmagani sababli qurilishlardan aziyat chekmoqda. Ko‘chadagi 5-xonadonda yashovchi fuqaro D.Yusupov ana shu muammo yuzasidan Kun.uz tahririyatiga murojaat qildi.

Ushbu manzilda bo‘lganimizda hududdagi boshqa yashovchilar ham aynan mana shu muammo ularning ham oromini buzishidan shikoyat qildi.
— Qurilishlar shundoqqina uyimizdan besh qadam narida olib borilyapti, — deydi shu ko‘chadagi 3-uyda yashovchi fuqarolardan biri. — Uylarimiz ham buzilish (snos)ga tushgan, ammo bizga hanuzgacha tegishli mablag‘ni berishgani yo‘q. Mablag‘ hal bo‘lmagani holda qurilishlar ham davom etib kelyapti. Muttasil, kechasi-yu kunduzi shovqin-suronda o‘tirishga dosh berish qiyin ekan, turmush o‘rtog‘im qon bosimi kasalligini orttirib oldi. Ayni vaqtda ham davolanishda.

Qarshi shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ushbu mazkur hududga kelib aholiga uchradi. Hokimlik fuqarolarga uy uchun yer berishga tayyor. Ammo buning uchun yuqoridagi xonadonlar egalari uylarni tegishli idoralar orqali narxlatishi, qurilish korxonasi bilan kelishuvga erishishi lozim. Uylar-ku bugungacha ikki marta narxlangan. Ammo puldan darak yo‘q. Qurilish esa bemalol davom etmoqda.
Xo‘sh, muammo nimada o‘zi? Nima uchun, aholi darvozasi yonginasida kechayu kunduz davom etayotgan ulkan qurilishlar ostida yashashi kerak? «Snos» nega amalga oshmadi? Bu haqda mazkur qurilishlarni olib borayotgan «Norbo‘ta savdo» xususiy korxonasi rahbari Dilmurod Muhammadiyev izoh berdi.
Uning ma'lum qilishicha, bu ko‘chadagi ko‘p qavatli uylar qurilishi bo‘yicha loyihaning qiymati 58 milliard so‘mlik bo‘lib, mablag‘ning 70 foizi TIF «Milliy banki», qolgan qismi tadbirkor hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda esa qurilish ishlari yarmiga yetgan bo‘lib, sarflangan mablag‘ning 70 foizi tadbirkor hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanayam aniqrog‘i, shu kunga qadar tadbirkor loyihaga o‘z hisobidan 24 milliard so‘m sarflagan bo‘lsa, bankdan 7 milliard so‘m mablag‘ olgan.
Xullas, tadbirkor mana shu ko‘chadagi uylar ko‘chirilmayotganini bankdan tegishli mablag‘ni to‘liq ololmayotgani bilan izohlamoqda.

















