Sport | 14:14 / 04.04.2019
15299
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston FIFA reytingida Livandan o‘zib ketib, Suriyaga yaqinlashdi

Foto: Zhizhao Wu/Getty Images

O‘zbekiston milliy jamoasi FIFAning 2019 yil aprel oyi uchun terma jamoalar reytingida to‘rt pog‘ona yuqorilab, 85-o‘ringa joylashdi. Osiyo jamoalari ichida esa O‘zbekiston Livanni ortda qoldirib, 11-pog‘onaga chiqdi.

Ektor Kuper qo‘l ostidagi jamoa mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda bo‘lib o‘tgan «China Cup» xalqaro turniri doirasida ikkita o‘yin o‘tkazgandi. Dastlab Urugvayga 0:3 hisobida yutqazgan o‘zbekistonliklar keyingi o‘yinda mezbon Xitoy milliy jamoasidan 1:0 hisobida ustun kelishgandi.

FIFA reytingining yangi talqinida Osiyo jamoalari reytingidagi yuqori o‘nlik o‘zgarmay qolgan. Unda umumiy reytingda 21-o‘rindagi Eron milliy jamoasi yetakchilik qilmoqda. Yuqori to‘rtlikdagi Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya milliy jamoalari umumiy reytingda teng darajada – bir pog‘onadan yuqorilashga erishishgan.

Jahon reytingini hamon Belgiya milliy jamoasi boshqarib turibdi. Eng yuqori uchlikdan Fransiya va Braziliya ham joy olgan. Angliya milliy jamoasi Xorvatiyadan ilgarilab ketib, 4-o‘ringa, Urugvay esa Portugaliyani ortda qoldirib 6-o‘ringa chiqib olgan. O‘nlikdagi boshqa jamoalar – Shveytsariya (8-o‘rin), Ispaniya (9) va Daniyaning (10) o‘rni o‘zgarmay qolgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid