Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 24-sentabr kuni Eronga (3:1) qarshi oʻrtoqlik oʻyinidan soʻng matbuot anjumanida ishtirok etib, oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

«Oʻyin oson boʻlmadi. Bu oʻyinga tayyorgarlik koʻrish uchun bizda 3 kun vaqt bor edi. Shunga qaramay, futbolchilar bilan koʻp shugʻullandik, oʻyinning dastlabki 20 daqiqasi muhimligini suhbatlashdik. Jamoaviy oʻyin bilan yaxshi natijaga erisha olishimizni tushuntirdim. Gʻalaba yoki magʻlubiyat boʻladimi birdamlik bilan harakat qilishimiz kerakligini taʼkidladim».

«Eron bizga asosan standart vaziyatlarda xavf tugʻdirishi mumkinligini bilardik. Futbolchilarim yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Yigitlar bilan faxrlanaman. Bu natijani tezroq unutib, keyingi oʻyinlar haqida oʻylashimiz kerak».

«Darvozabon Abduvohid Neʼmatovning jarohati? Tarkibdagi barcha futbolchilarga ishonaman. Kecha Neʼmatov jarohat oldi va Eronga qarshi oʻynamasligi maʼlum boʻldi. Ammo qolgan futbolchilarga ishonchim komil edi. Vladimir Nazarovni Osiyo Chempionlar ligasida oʻyinlarini koʻrgandik va uni maydonga tushirishga qaror qildik. Yigʻinga kim chaqirilgan boʻlsa, barchasi tayyor holatda kelgan. Avval ham aytganimdek, milliy jamoaning eshiklari barcha uchun ochiq. Avvalgi yigʻinlarda kimlarning mehnati, saralashdagi yordami uchun «bonus» bergan boʻlsak, endi bunday imtiyozlar boʻlmaydi. Kim milliy jamoaga munosib va tayyor boʻlsa, shuni chaqiramiz. Bizni oldinda Osiyo kubogi kutib turibdi. Turnirga munosib tayyorgarlik koʻrish uchun bir oy vaqt vaqtimiz boʻladi. Oʻsha yigʻinga yigitlar tayyor holatda keladi degan umiddaman».

«Eronga qarshi bahsda menga yoqmagan jihatlar ham boʻldimi? Ushbu bahsda koʻplab ijobiy jihatlarni koʻrdik. Ammo bosh murabbiy sifatida yanada yaxshilash imkoniyatlarini izlayman. Eron bizning xatolarimizdan foydalana olmagan boʻlishi mumkin. Lekin boshqa raqiblar buni aslo kechirmaydi. Ayniqsa, markaziy yarimhimoyachilardan jamoaviy oʻyin koʻrsatishni soʻradim. Shuningdek, jarima maydonimiz atrofida qoida buzilmaslikni talab qildim. Ammo baribir bu borada xato qildik va golni ham shu tariqa oʻtkazib yubordik. Oʻylaymanki, biz yanada yaxshilash mumkin boʻlgan jihatlar bor».

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy jamoasi Fargʻonada Eronni 3:1 hisobida magʻlub etdi. Gollar Eldor Shomurodov (2) va Husayn Norchayev hisobiga yozildi.

Milliy jamoa FIFA kunlarida yana 2 ta oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazadi: 1-oktabr kuni Toshkentda Suriyaga qarshi va 6-oktabr kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi.