O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi.
Hujjat bilan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
fuqarolik qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning eng namunali xorijiy amaliyotlar bilan uyg‘unligini ta'minlash, shuningdek, ushbu sohada ilg‘or xalqaro standartlarni implementatsiya qilish;
xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlarini ta'minlaydigan, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni belgilash;
ommaviy va fuqarolik huquq normalarini aniq chegaralash, iqtisodiyotni boshqarishda ma'muriy-buyruqbozlik tamoyillariga asoslangan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirib qolgan qoidalarni chiqarib tashlash;
davlat-xususiy sherikligi, klasterlik ishlab chiqarishi, elektron tijorat, kripto-valuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlar va iqtisodiy munosabatlar shakllarini huquqiy tartibga solishni ta'minlash.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi ma'qullandi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etildi.















