O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning mashinada o‘qiladigan formatdagi axborotdan ko‘p karra, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali faoliyat yuritmoqda.
Belgilanishicha:
a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda o‘z vaqtida aks ettirilishi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Portalni texnik qo‘llab-quvvatlash va ta'minlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi;
v) Portaldagi axborotlar:
faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan e'lon qilinadi;
o‘zbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan mashinada o‘qiladigan va boshqa formatlarda e'lon qilinadi;
davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida e'lon qilinadigan axborot bilan aynan bir xil va o‘zaro bog‘langan bo‘lishi lozim;
g) davlat organlari va tashkilotlarida axborotni tayyorlash va Portalda joylashtirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5635-son Farmoniga muvofiq tashkil qilingan, xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun mas'ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar zimmasiga yuklanadi.
Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida davlat organlari va tashkilotlarining Portalda Ro‘yxatni shakllantirish, yuritish va yangilash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ishlar uchun mas'ul bo‘linma tashkil etiladi.
















