«Paxtakor» – «As Sadd» o‘yinidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatarliklar yetakchisi Xavi «Paxtakor» futbolchisi Jaloliddin Masharipovni maqtagani futbol muxlislarining og‘zidan tushmayapti. Muxlislar Xavi o‘zlarini maqtagandek xursand bo‘lishgani Jaloliddinni qanchalik yaxshi ko‘rishlaridan nishona.

Bunday maqtovdan so‘ng Jaloliddin bilan suhbat uyushtirmasak bo‘lmasdi. Masharipov suhbat uyushtirish taklifimizni qabul qildi va «Paxtakor» stadioni mehmoni bo‘lib, bugungi kunda muxlislar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchi Jaloliddin Masharipov bilan suhbatlashdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak...»

Jaloliddin uchun joriy mavsum juda muvaffaqiyatli boshlandi. Yil boshida Osiyo Kubogidagi yorqin o‘yindan so‘ng futbolchi «Paxtakor»da ham chiroyli o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Faoliyatining hozircha eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan Masharipov bunga faqat mehnat evaziga erishganini aytdi:

«Albatta mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bizga katta futbolchilar ham aytishardi mehnat qilmasak natijaga erishib bo‘lmasligini. Menga doim iste'doding bor va unga ishonib mehnat qilishni to‘xtatib qo‘yma deyishardi. Shu sabab to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Biz hali Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak».

«Odil Ahmedovdan o‘rnak olaman»

O‘zbek futbolida yoshlar jamoasida porlagan yulduzchalar keyinchalik yo‘qolib qolishi holati ko‘p ko‘rinadi. Masharipov yoshligida ham, hozir ham yuqori saviyada o‘ynamoqda. Suhbatdoshimizdan yo‘qolib qolgan yoshlar qilgan qaysi xatolarni takrorlamaganini so‘radik:

«Yoshligida porlab, keyin yo‘qolib qolgan futbolchilar nega bunday holatga tushganini kuzatib borardim. Yoshligimda ota-onam yaxshiroq o‘ynashim kerakligini aytishardi, lekin men ularga shoshmasliklarini, hali yanada yaxshiroq o‘ynashimni, asosiysi katta bo‘lgandan so‘ng yorqin o‘ynash ekanini tushuntirardim.