Namanganda Prezident maktabi qurilishi boshlandi
17 aprel kuni Namangan shahridagi eng gavjum ko‘chalardan biri – Islom Karimov shohko‘chasida Prezident maktabi qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov, Namangan shahri hokimi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajabov va boshqalar ishtirok etishdi.
- Maktab 2,5 gektar maydonda joylashadi, bu yerda o‘qish va sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratiladi, - deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi qurilish bo‘limi boshlig‘i G‘olibjon Asraqulov.
Uning aytishicha, ikkita o‘quv korpusi, basseyn va gimnastika zali, yotoqxona va mehmonxona, futbol maydoni, voleybol-basketbol maydonchasi, plats, rekreatsion zona, gulzor va o‘quv-tajriba uchastkasi, parking bunyod etiladi.
Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sohibjon Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maktabga qabul qilish respublika ta'lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Maktab kelgusi yilning avgustida ish boshlashi rejalashtirilgan. Birinchi o‘quv yilida 5-10-sinflar uchun 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi, maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, bitta sinfga 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi.
O‘quv jarayoni xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM - ta'lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san'at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta'lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.
Maktab bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
09:30 / 07.11.2024