Tez tibbiy yordam xizmati uchun bir yilda respublika bo‘yicha 10,5 millionga yaqin chaqiriq (har ming nafar aholiga 350ta) qayd etiladi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ularning 10 mingtasi yolg‘on chaqiriqlar bo‘ladi.
Shoshilinch tibbiy yordamga yolg‘on chaqiriq bilan murojaat qilish sog‘liqni saqlash tizimida ko‘p uchraydigan holat, bu xizmat sifatiga sezilarli darajada salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Yolg‘on chaqiriqlar muammosi haqida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokor o‘rinbosari Ilhom Arslonov ma'lumot berdi.
Yolg‘on chaqiriq ham vaqtni, ham sifatni o‘g‘irlaydi
Tez yordamga murojaatlar tarkibini uchga ajratish mumkin: haqiqiy, yolg‘on va asoslanmagan chaqiriq.
«Yolg‘on chaqiriqda manzil, telefon raqamlari ko‘rsatiladi, tez tibbiy yordamga murojaat uchun sabablar ham aytiladi. Ammo berilgan manzil qidirib borilganda uning mavjud emasligi oydinlashadi. Taqdim etilgan telefon raqamlari bilan bog‘lanib ham bo‘lmaydi. Shu atrofda yashaydiganlarni kunning qaysi mahali bo‘lishidan qat'i nazar bezovta qilib, so‘rab-surishtirib, bunday manzil haqiqatda mavjud emasligini tasdiqlatib olish kerak bo‘ladi», ─ deydi Ilhom Arslonov.
Mutaxassis yolg‘on chaqiriqning bir qancha salbiy holatlarga sabab bo‘lishini sanab o‘tdi. Bunday chaqiriqdan keyin shifokor doimiy xavotirda, tonusda bo‘ladi. «Balki manzil to‘g‘ri edi-yu, men noto‘g‘ri qayd etdim, o‘zim xato qilganim uchun topa olmadim», degan xavotir uni kun bo‘yi ta'qib qiladi va o‘z-o‘zidan normal ish faoliyatini olib borishiga xalal beradi. Shikoyat kelib chiqishidan tashvishlanib yuradi.
Ikkinchidan, haqiqatan shoshilinch yordam zarur bo‘lgan joyga xodimning o‘z vaqtida yetib bora olmasligiga ham sabab bo‘ladi. Agar yolg‘on chaqiriq bilan ovora bo‘lib qolmasa, boshqa bemorning oldiga vaqtliroq borib, unga o‘z vaqtida kerakli yordamni ko‘rsata olishi mumkin bo‘ladi.
Uchinchidan, yolg‘on chaqiriqqa oddiy chaqiriqqa qaraganda ko‘proq vaqt sarflanadi. Haqiqiy bemor uchun yarim soat vaqt sarflash mumkin bo‘lsa, bunga xodimlar bir soatlab ovora bo‘lib qoladi. Ko‘rsatilgan noto‘g‘ri manzilni topish uchun boshqa aholini ham bezovta qilishiga to‘g‘ri keladi. Shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham band bo‘lib qoladi.















