Dam olish kunlari Italiya chempionatining 33-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» MUDDATIDAN OLDIN CheMPIONLIKNI RASMIYLAShTIRDI

«Yuventus» qatorasiga 8-marta Italiya chempioni bo‘ldi. Bu mavsumda jamoa musobaqa yakunlanishiga 5 tur qolganida Skudettoni qo‘lga kiritdi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yindagi irodali g‘alabadan so‘ng, «Napoli» turinliklarni quvib yetolmasligi oydinlashdi.

6-daqiqadayoq «Fiorentina» gol urdi. Keza to‘pni jarima maydoniga yetkazganida Milenkovich uni kuchli zarba bilan darvozaga yo‘lladi. Shundan so‘ng, «Yuventus» tashabbusni qo‘lga olishga urindi. «Fiorentina» esa qarshi hujumlarda xavfli o‘ynadi. Ikki marta Kezaning zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuniga tegdi. 37-daqiqada turinliklar hisobni tenglashtirishdi. Burchak zarbasidan so‘ng, Aleks Sandro boshi bilan to‘pni darvozaga kiritdi.  

Ikkinchi bo‘limda «Yuventus» to‘pni nazorat ostiga oldi. Natijada jamoaning o‘yini qovusha boshladi. 53-daqiqada esa «Fiorentina» darvozasi ishg‘ol qilindi. Ronaldu to‘pni jarima maydoniga yetkazganida, Petsselya uni qaytaraman deb, o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Shundan so‘ng, har ikkala jamoada bir qancha vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, darvozabonlar boshqa xatoga yo‘l qo‘ymay, ishonchli o‘ynadilar.

O‘yindan keyin «Yuventus» chempionlikni o‘z muxlislari oldida nishonladi.

Yuventus – Fiorentina 2:1 (1:1, 1:0)
20 aprel, «Alyans Stedium»
Gollar: 0:1 – 6 Milenkovich, 1:1 – 37 Aleks Sandro, 2:1 – 53, avtogol Petsselya.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Rugani, Bonuchchi, Aleks Sandro, Kuadrado (De Shilo, 87), Jan, Pyanich (Bentankur, 65), Matyuidi, Bernardeski (Kin, 74), Ronaldu.
Fiorentina – Lafon, Milenkovich, Petsselya, Chekkerini, Gansko, Miralyas (Fernandesh, 80), Dabo, Veretu, Benassi (Jyerson, 73), Simeone, Keza (Muriel, 66).
Ogohlantirish: Jyerson (80).

«INTeR» VA «ROMA» O‘YINIDA JANGOVAR DURANG QAYD ETILDI

«Inter» o‘z maydonida «Roma» bilan o‘ynadi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «bo‘rilar»ga g‘alaba juda zarur edi. Ular 14-daqiqada hisobni ochishdi. El-Shaaravi uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab, chiroyli gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo «Roma» bu muvaffaqiyatni rivojlantira olmadi.