Superligada 5-tur o‘yinlari yakunlandi. O‘tgan turda Termizda ochko yo‘qotgan «Paxtakor» bu turda xato qilmadi va jiddiy qarshilik ko‘rsatgan «Dinamo»ni mag‘lub etdi. «Lokomotiv» ketma-ket to‘rtinchi, «Bunyodkor» esa ketma-ket uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Mirjalol Qosimov hamda Vadim Abramov o‘rtasidagi bahs muxlislarning diqqat markazida bo‘ldi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Andijon» nihoyat o‘z maydonida o‘ynadi. «Nasaf»ni mag‘lub etgan futbolchilar 10 million so‘mdan mukofot olishdi. Bitta futbolchiga «Jyentra» sovg‘a qilindi

5-turni «Andijon» – «Nasaf» o‘yini ochib berdi. Andijonliklar nihoyat o‘z maydonlarida o‘yin o‘tkazishdi. Kichik tanaffusdan so‘ng yuqori divizionga qaytgan «Andijon» o‘z maydonidagi ilk o‘yinini «Nasaf»ga qarshi o‘tkazdi. Bu o‘yinga bo‘lgan e'tibor katta bo‘ldi. Andijon viloyat hokimi futbolga qiziqishi sir emas. U o‘yindan keyin ham g‘alabani futbolchilar bilan nishonlab, «Andijon polkasi»ga ham raqsga tushishga ulgurdi.

Bu bahsda «Nasaf»ning imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi, lekin kutilmaganda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari imkoniyatni boy burib qo‘yishdi. O‘yindan so‘ng andijonlik futbolchilar 10 million so‘mdan mukofot puli olishdi. Yarim himoyachi Farhod Bekmurodovga «Jyentra» mashinasi ham sovg‘a qilindi.

«Dinamo» 75 daqiqa chidadi

O‘tgan turda «Paxtakor» Termizda «Surxon» bilan o‘yinda jiddiy qarshilikka duch kelib, ilk marta ochko yo‘qotgandi. 5-turda «Paxtakor» o‘z maydonida «Dinamo»ni qabul qildi. Bu bahsdan so‘ng «Paxtakor» Chempionlar Ligasi doirasidagi «As Sadd»ga qarshi o‘yinga jo‘nab ketishi sabab Arveladze shogirdlari uchun «Dinamo»ni yengish muhim edi.

Samarqandliklar Toshkentdagi o‘yinda 75 daqiqa «Paxtakor»ning hujumlariga dosh berishdi. Avvaliga Javohir Siddiqov kutilmaganda bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi, keyinroq Jaloliddin Masharipov super gol urib, «Paxtakor»ga 2:0 hisobida g‘alaba keltirdi. Bu o‘yinda ikki tomondagi muxlislar ham xursand bo‘lganini aytish kerak. «Paxtakor» muxlislari g‘alaba uchun, samarqandlik muxdislar Pro-ligadan chiqib kelgan jamoalari raqobatbardosh bo‘lgani uchun xursand bo‘lishdi.

Abramov Qosimovni mag‘lub etdi