19 may kuni Superligada 9-tur o‘yinlari yakunlandi. Farg‘onada «Andijon»ni yirik hisobda mag‘lub etgan «Paxtakor» ikkinchi o‘rindagi «Lokomotiv» bilan farqni 5 ochkogacha uzaytirdi. Chunki «temiryo‘lchilar» ketma-ket uchinchi o‘yinda durang o‘ynab, o‘z holatlarini qiyinlashtirib qo‘yishdi. Janub jamoalari «Surxon» va «Nasaf» bu turda g‘alaba qozonib, mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishdi. Bu turda 9 ta jamoa gol urishni eplolmadi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.
«Paxtakor» yaqqol yetakchiga aylandi. Bikmayev 15 daqiqa o‘ynab, ikkita gol urdi
9-turni Farg‘onadagi «Andijon» - «Paxtakor» o‘yini boshlab berdi. «Sog‘lom avlod» stadionining yoritish tizimi talab darajasida bo‘lmagani uchun o‘yin Farg‘onadagi «Istiqlol» arenasida o‘tkazildi. «Istiqlol» stadionida Superliganing shunchalik ko‘p o‘yini o‘tkazilyaptiki, bu stadionga «Vodiy arena» deb nom bersa ham bo‘ladi. Chunki vodiydagi qaysi stadionda muammo bo‘lsa, hamma «Istiqlol»ga yugurishmoqda.
«Paxtakor» oldingi turda vodiyning boshqa jamoasi «Navbahor»ni yenga olmagan va Toshkentdagi alamli durangdan so‘ng g‘alaba o‘tida yonayotgandi. Farg‘onadagi o‘yindagi hisobga qarab, «Paxtakor» oson g‘alabaga erishdi deb bo‘lmaydi. Cheran birinchi bo‘lim yakunida penaltidan gol urib hisobni ochdi. Keyinchalik «Andijon» jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. O‘yin oxirida esa 78-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Marat Bikmayev ikkita gol urib, masalani hal qildi.
«Lokomotiv» gol urishni unutdi, ofsayd «Bunyodkor»ning golini «o‘g‘irladi»
Amaldagi chempion «Lokomotiv» birinchi turda «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgach, ketma-ket 6 o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘z yo‘liga tushib olgandek ko‘ringandi. Ammo Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizlik, undan keyin chempionatdagi nursiz o‘yinlar Fyodorov jamoasida muammo borligini ko‘rsatdi.
Hammasi «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yinda boshlandi. O‘sha o‘yinda «Lokomotiv» g‘alabani qo‘ldan chiqargandi. Keyinchalik «Lokomotiv» Bekobodda «Metallur»ni yenga olmadi. 9-turda esa «temiryo‘lchilar» klub uchun begona bo‘lmagan murabbiy Vadim Abramovning yosh futbolchilardan iborat «Bunyodkor»ini yenga olmadi.
«Qaldirg‘ochlar» o‘yinda g‘alaba qozonishlari ham mumkin edi. 90+5-daqiqada «Bunyodkor» jarima to‘pi tepish imkoniga ega bo‘ldi. Anvar G‘ofurov to‘pni jarima maydonchasiga yetkazib berdi. «Lokomotiv» jarima maydonida taloto‘p yuzaga keldi va zaxiradan maydonga tushgan Vladislav Nuriyev gol urdi. Ammo hakam o‘yindan tashqari holat sabab golni inobatga olmadi.
Bu vaziyatda o‘yindan tashqari holat bor edi, chunki «Bunyodkor» himoyachisi Islom Qobilov ofsaydda turgan holda to‘pga tegmagan bo‘lsa-da, darvozabonning yo‘lini to‘sgandi. Shu bois hakam «Bunyodkor»ning golini inobatga olmay to‘g‘ri qildi. Abramov va Shuhrat Maqsudovning hakamga tashlanishlari esa shunchaki ehtiros sabab bo‘ldi deb qabul qilamiz.















