Toshkent shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug‘urtalashni joriy etish uchun mas'ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya va Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlarning mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.



Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, tadbirda bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida muhim o‘zgarish va yangilanishlar bo‘layotgani, 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, tibbiyot rivojida yangi davrni boshlab bergani ta'kidlandi.
Chunki unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarda «klaster» modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish, farmatsevika tarmog‘i, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy ko‘rinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha «har bir davolangan holat» uchun to‘lash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.











