Xalqaro ekspert, «Reed Smith» xalqaro yuridik firmasining partnyori Devid Butcher O‘zbekiston hukumati tezkorlik bilan rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilishi kerak, deb hisoblaydi. U Tashkent Law Spring forumi doirasidagi investitsiya mavzusiga bag‘ishlangan muhokama sessiyasida O‘zbekiston haqidagi fikrlarini bayon etdi.
“Turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori reytinglarni egallagan davlatlar bunga qanday qilib erishdi, ularning rivojlanish siri nimada? Buni chuqur tadqiq etish, kerakli xulosalarni amaliyotga joriy etish lozim. To‘g‘ri, O‘zbekiston ham rivojlanyapti, ammo bu ko‘rsatkich hali keragidan past”, – deydi mutaxassis.
Ekspert O‘zbekistonda mas'uliyati cheklangan jamiyatlar, qo‘shma korxonalar sonining ortib borayotganini yutuq sifatida e'tirof etdi hamda investitsion muhitni yaxshilash borasida o‘z tavsiyalarini bildirdi:
─ Qo‘shma korxonalar tuzishda shartnoma talablarini maksimal darajada soddalashtirish lozim. Investor muayyan kelishuvga erishish uchun qancha vaqti va mehnati ketishini chamalab ko‘radi. Hammasi sodda va ixcham bo‘lishi kerak. Ortiqcha qog‘ozbozlik yoki qandaydir cheklovlar investorni itaradi. Hukumat muntazam ravishda investor bilan muloqotni saqlab qolishi zarur. Ochiq so‘rang: u nimani istayapti, unga qanday sharoit yetishmayapti? Hukumat va biznes o‘rtasidagi muloqot qanchalik ochiq bo‘lsa, uning ishonchililik darajasi shunchalik ortadi. Iqtisodiy va huquqiy ko‘rsatkichlar aniq, ishonarli, va eng asosiysi, ochiq bo‘lishi muhim.
Buyuk Britaniyalik mutaxassis Saymon Koks xalqaro investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida nimalarga ahamiyat qaratish kerakli xususida so‘z yuritdi.
“Har qanday investor pul tikishdan oldin mamlakatdagi bir necha jihatlarga e'tibor qaratadi: siyosiy barqarorlik mavjudmi, qonunchilikdagi o‘zgarishlar balansi qanday va ular ijobiymi, kredit olish tartibi muammo tug‘dirmaydimi, malakali ishchi kuchi mavjudmi, davlatning xususiy sektor faoliyatidagi roli qanchalik, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar qanday yo‘lga qo‘yilgan? Mana shu savollar orqali sarmoyador investitsion muhit haqida tasavvurga ega bo‘ladi”, – deydi u.
Shuningdek, ekspert davlat hisobotlarining haqqoniy bo‘lishiga ham ahamiyat qaratdi: “Agar mamlakat tashqi investorlarni jalb qilmoqchi bo‘lsa, o‘zidagi iqtisodiy holat haqida doimiy ravishda haqqoniy hisobotlarni e'lon qilib borishi lozim. Bu yerda qaysi investorlar ishlayapti, ular o‘z ishini qanday yo‘lga qo‘ya oldi, qanchalik foyda ko‘rdi? Shu kabi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinsa, mablag‘ egasini jalb qila olish mumkin”.
Muhokama sessiyasi davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov O‘zbekistondagi investitsion muhit holati bo‘yicha ma'umot berdi:
















