«Feysbuk» qahramonsiz, internet mavzusiz qolmaydi. So‘nggi kunlarning trendi rus tiliga davlat tili maqomi berilishi bo‘yicha chaqiriq bo‘ldi.

Vatanparvar o‘z hislarini to‘kib sochdi, millatparvar o‘zbekning naqadar ulug‘ligini har jabhada bildirdi, tilshunos buning salbiy oqibatlarini batafsil ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa, amalsiz siyosatchi asl siyosiy maqsadlarni ochib tashladi. Kiroyi xalqni birlashtiruvchi biror aksiya bunchalik bo‘lmas...

Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega bir guruh «aqlli»ning taklifi bizda bu qadar kuchli reaksiya uyg‘otdi?

Fikrimcha, buning bir necha sabablari mavjud:

1. Tibbiyotda allergik kasalliklar bor. Ular qo‘zg‘alishi uchun oddiy bir chang ham, hid ham kifoya qiladi. Organizmdagi yashirinib yotgan dard bitta ari chaqishidan qo‘zg‘alib, inson birpasda bo‘g‘ilib o‘lib qolishi mumkin. Bu taklif ham allergiya singari bizning dardlarimizni ochib berdi, oddiy bir omil ham bizni murakkab holatga tushirib qo‘yishi mumkinligini bildirdi;

2. Til masalasida patriotizm ko‘rsatish azaldan o‘ziga xos «moda» bo‘lgan. Sababi, mustaqillikning ilk epkini aynan mana shu masalada chindan bo‘y ko‘rsatgan. Milliy g‘urur ham tilga davlat maqomi berilishida bir qo‘zg‘alib olgan. O‘shanda vatanparvarlik jo‘sh urib qator chiqishlar qilingan. Ammo keyinchalik asl maqsadga erishilgan bo‘lsa-da, hammasi qiya ketdi. Bu haqda quyiroqda;

3. Bu tashabbus shunchaki uch-to‘rt oyparastning fikri emasdi. Ortida konkret maqsad borligi yosh bolaga ham ayon edi. «Katta og‘a» tarafdorga, ta'sir doirasi kengayishiga yoki hech bo‘lmaganda toraymasligiga har qachongidan-da muhtoj kunlar bugun. G‘alaba bayrami, arzimas mato bo‘lgan lenta ham siyosiy instrument bo‘lganida butun boshli bir davlatda o‘z tilini o‘tkazishni kim ham xohlamaydi?;

Bu omillarning hammasi tushunarli. Lekin asosiy muammo baribir ochilmay qolaveradi: nega bu tashabbus jamiyatni bu qadar zirqiratib yubordi?

Sababi oddiy – jamiyatning o‘zi o‘z tilini xor qilishga ulgurib bo‘lgandi!

Bir vaqtlar til deb ko‘ksiga mushtlagan ziyolisi keyinchalik ikki alifboga xuddi ikki egarga o‘tirganday o‘tirib ko‘pkariga kirganida, asl vatanparvarlikni, hurlikni so‘zga olgan hamkasbi badarg‘a qilinganida mum tishlaganida, ta'lim poraxo‘rlikka qorishganida o‘zi ham shu bo‘hrondan bir ulush undirish uchun tashlanganida o‘zbek tiliga salmoqli putur yetib bo‘lgandi.

Yoshlari ravon tilli, mazmunli suhbat o‘rniga kirill-u lotin aralash «onlayn muloqot»ni afzal bilganida, «odno» tilida «vawwe oborvotganida» botqoq torta boshlagandi bu tilni.