Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda ma'lum bir tilga davlat tili bilan bir qatorda rasmiy til maqomini berish haqidagi munozaralar yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirgandi. Shundan so‘ng harakat ularni umumlashtirib, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olgan holda, konstruktiv takliflar ishlab chiqishga qaror qildi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Biz fuqarolarga davlat tilining majburiy o‘rgatilishi tarafdori emasmiz. O‘zbek tilini rivojlantirish va yanada boyitish, uni o‘rganishni istaganlar uchun zarur sharoit va infratuzilmani yaratish lozim, deb hisoblaymiz. “Yuksalish” umummilliy harakati savodli, o‘qimishli bo‘lish, davlat tili va boshqa xorijiy tillarni egallash jamiyatda, ayniqsa yosh avlod orasida trend bo‘lishi kerak, degan fikrda”, - deyiladi xabarda. 

“Yuksalish” umummilliy harakati o‘zbek tilini rivojlantirish va aholining imloviy savodxonligini oshirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga havola etdi:

1. O‘zbek tilini rivojlantirish va til bilish darajasini oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish hamda yaqin besh yil mobaynida uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” tasdiqlash.

Konsepsiya quyidagi vazifalar, chora-tadbirlar, amalga oshirish mexanizmi, ijro muddati va mas'ullarni o‘z ichiga olishi lozim:  
 
· oilada til savodxonligini rivojlantirish va shakllantirish uchun qulay sharoitlar yaratish; 
· ta'lim muassasalarida davlat va xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini tanqidiy jihatdan o‘rganish va yanada takomillashtirish; 
· davlat xizmatchilarining, ayniqsa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat tilini bilish darajasi va savodxonligini oshirish;
· jamiyatda imloviy savodxonlik darajasini oshirish uchun innovatsion usullarni joriy etish;
· o‘zbek tili targ‘ibotida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish hamda jamiyatda til bilish normalari darajasini oshirish; 
· ta'lim tizimini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
· aholining imloviy savodxonligini oshirish va o‘zbek tilini rivojlantirishning ilmiy asoslari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish.