Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan arzon uy-joylarning narxi oshib ketgani, qurilishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri 11 aprel kuni mazkur uylarda yashaydigan fuqarolar bilan uchrashgan, ularning savollariga javob bergan. Ushbu sayyor yig‘ilishda uylarning qurilishidagi kamchiliklarni aniqlash va joyining o‘zida bartaraf etish hamda uylarning narxlarini pasaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ikkita komissiya tashkil etilgan edi. 1 oydan so‘ng yana fuqarolar bilan uchrashib, olib borilgan ishlarni keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilishga kelishib olingan edi.
Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev rahbarligidagi komissiya qariyb bir oy davomida uylarning narxi masalasini o‘rgandi, ularni imkon qadar arzonlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi. Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev rahbarligidagi komissiya qurilishdagi kamchiliklarni uyma uy, xonadonma xonadon yurib o‘rgandi va aniqlangan kamchiliklarni qurilish tashkilotlari bilan birga joyining o‘zida bartaraf etish choralarini ko‘rdi.
Jamoatchilik nazorat qildi
Belgilangan barcha ishlar sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida ushbu uylarda yashovchi fuqarolar, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qo‘mitalari faollaridan iborat jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi.
7 may kuni Sergeli tumani hokimligida tumanda barpo etilgan arzon ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari va mutaxassislari, jamoatchilik vakillari ishtirokida komissiyalarning hisobotlari eshitildi.
Har kvadrat metrdan 728 600 so‘m cho‘ntakda qoladi

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayevning ta'kidlashicha, respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilingan, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi o‘rganilgan, bank marjasi va sug‘urta pulini kamaytirish bo‘yicha ishlar olib borilgan. 34-uy misolida uylarning narxlari masalasi har tomonlama o‘rganilgan. Natija uyning 1 kvadrat metri narxini 3 981 700 (uch million to‘qqiz yuz sakson bir ming yetti yuz) so‘mdan 3 253 100 (uch million ikki yuzi ellik uch ming 100) so‘mga tushirish yoki 18,3 foizga arzonlashtirish mumkinligini ko‘rsatdi. Albatta ushbu uyda yashovchilar uchun uyning har bir kvadrat metri uchun 728 600 (yetti yuz yigirma sakkiz ming olti yuz) so‘m yonga qolishi haqidagi xabarni yig‘ilganlar katta xursandchilik bilan kutib oldi.
















