O‘zbekiston jahonga yuz tutishni maqsad qilgan bir vaqtda aholi yashash tarzi, hududlar infratuzilmasining rivoji bu yo‘lda birlamchi maqsaddir. Ichimlik suvi va oqova (kanalizatsiya) xizmatlarisiz esa infratuzilma va taraqqiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakatda bu sohada qator muammolar mavjud. Toshkent viloyatining Chinoz tumani va boshqa mintaqalardagi masalalar bot-bot matbuotda yoritiladi. Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmatlari vazirligi Ichimlik suvi bilan ta'minlash va oqova suv xizmatlari masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Tohirjon Haydarov bilan shu masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

Video: YouTube

Video: Mover (tas-ix)

Aholi orasida ko‘pincha ushbu yangi tashkil etilgan vazirlik bo‘yicha savollar beriladi. Bu vazirlikning vakolatlari nimalardan iborat?

— Vazirlik 2017 yilda tashkil qilingan vaqtda bir qator vazifalar yuklatilgan. Bular: ichimlik suvi va oqova suv ta'minoti, issiqlik ta'minoti va uy-joy fondlarini ekspluatatsiya qilish sanaladi.

Yoz yaqinlashgani sari aholi tomonidan ichimlik suvi bilan bog‘liq ko‘plab haqli e'tirozlar kelishi boshlandi. Bu masalada ishlar qay darajada olib borilmoqda?

— Vazirlik tashkil etilganidan buyon hozirgi kunda asosiy qilingan ish – ichimlik suvi va oqova suv bo‘yicha respublika bo‘ylab xatlov o‘tkazildi. Hozir holat bo‘yicha to‘liq ma'lumotga ega bo‘ldik. 59 ming km. ichimlik suv tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 35-40 foizi ta'mirtalab bo‘lgani sababli rekonstruksiya qilinishi lozim. Oqova suv bo‘yicha ham yakunlangan xatlov natijalariga ko‘ra, respublikada 79ta shahar oqova suv (kanalizatsiya) tizimlariga ega. Bu shaharlardan 58tasida oqova suv tozalash inshootlari mavjud. Hozir xalqaro moliya institutlari tomonidan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda, 47tasi ta'mirtalab holatda. Asosiy oqova suv tizimlari o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgani sababli temir-beton va metallokonstruksiyalari chirib tamom bo‘lgan. Sovet vaqtida elektr energiyasi arzon bo‘lgani sababli katta quvvatdagi nasos uskunalari o‘rnatilgan. Hozirgi kunda bularni almashtirish kerak yoki modernizatsiya qilinishi lozim. Bu masalada 2018 yil hisobida respublikaning 12ta hududida 38 milliard so‘m o‘zlashtirilgan. Misol uchun, Urgut erkin iqtisodiy zonasida, Samarqandda, Toshkent viloyatida ishlar olib borilmoqda. 2019 yilda ham bu yo‘nalishda ishlar ko‘zda tutilgan va 200 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ ajratilgan. Bizda 26ta loyiha mo‘ljallangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida quvvati 1000 kubdan oshiq oqova suv tizimlari tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 100 km.ga yaqin oqova suv tizimi qurish rejalashtirilgan.