Jamiyat | 14:21 / 18.05.2019
19742
2 daqiqa o‘qiladi

Beruniy va Ibn Sinoning toshga o‘yilgan surati qayerda borligini bilasizmi?

Dunyo ilm-fanida katta iz qoldirgan mutafakkir vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning ko‘rinishi qanday bo‘lganini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Qoshg‘ariyni-chi? Tan olaylik, ko‘pchiligimiz allomalarimiz siymosini tanimaymiz, tasavvur ham qila olmaymiz. Negaki, ularning suratlari aks etgan manbalar juda kam.

Samarqand shahridagi mashhur «Afrosiyob» muzeyi peshtoqida ajoyib manzaraga guvoh bo‘lasiz. Bu yerda zaminimizda yashab o‘tgan ko‘plab mutafakkirlarning toshga o‘yib ishlangan suratlari (barlef usulida) va ushbu suratlari ostida arab imlosida bitilgan nomlariga ko‘zingiz tushadi.

Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi vakillarining ma'lum qilishicha, 1975 yil ushbu muzey Arxeologiya institutining bo‘limi sifatida ish boshlagan. O‘sha vaqtlarda yurtimizga hozirgidan ancha oz bo‘lsa-da, sayyohlar tashrif buyurgan. Ularning asosiy qiziqishi esa obidalar va allomalarimiz bilan bog‘liq bo‘lgan, albatta.

Bino foydalanishga topshirilish arafasida bir guruh jonkuyar vatandoshlarimiz tashabbusi bilan ishonchli manbalarga tayangan holda barlef (toshga rasm o‘yish) usuli orqali ushbu suratlar dunyoga keldi. Bu usulda yaratilgan rasmlar asrlar davomida o‘z sifatini yo‘qotmaydi.

Ana shunaqa gaplar: bir tomonda tarixiy binolar, ming yillik daraxtlar kesilayotgan vaqtda tarixni jonlantirish uchun harakatlar ham to‘xtab qolgani yo‘q...

Anvar Mustafoqulov tayyorladi

Mavzuga oid