AKFA Lighting keng tarmoqli energiya tejamli lampalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Xabarlarda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish – haydovchilar kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishini talab qiluvchi qoida joriy etilishi bilan bir vaqtda AKFA Lighting kompaniyasi ham avtomobil chiroqlarini ehtiyot qismlar bozoriga olib kirgani haqida aytilgandi.
«2019 yilning 21 may kuni turli saytlar hamda telegramdagi kanallarda, shu jumladan, www.uza.uz, www.daryo.uz, www.upl.uz, www.hordiq.uz kabi manbalarda Vazirlar Mahkamasining Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori asosida (Vazirlar Mahkamasining 2018 yil, 19 maydagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 377-son qarori) go‘yoki «AKFA Lighting» korxonasi yangi mahsulot – avtomobil faralari uchun chiroqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani haqidagi yolg‘on axborot tarqatila boshlandi.

Shuni rasman ma'lum qilamizki, mazkur ma'lumot yolg‘on va provakatsion xususiyatga ega. Korxonamiz avtomobil faralari uchun chiroqlarni tayyorlamaydi va bugungi kunda ularni ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilmagan.
Ma'lumki, qator onlayn nashrlarda keng yoyilgan tuhmat shaklidagi xabarlar uchun qonunchiligimizda eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdoridagi jarimalar ko‘zda tutilgan (O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi» Kodeksi, 40-modda).


















