Abituriyent va talabalar uchun grantlar tafsilotlarini ochib beramiz

AKFA universiteti ta’limning yuqori sifatli va hamyonbop bo‘lishiga, talabalarning ilmiy va kasbiy muvaffaqiyatlarga erishish motivatsiyasini rag‘batlantirishga intiladi. Universitet tomonidan taqdim etiladigan grantlar va stipendiyalar ushbu qo‘llab-quvvatlashning shakllaridan biri bo‘lib, talabalarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga va moliyaviy cheklovlarga qaramay oliy ma’lumot olishlariga yordam beradi. Bizning grantlar va stipendiyalar dasturimiz faol va turli sohalarda muvaffaqiyat sari intiluvchi talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va mukofotlarni taqdim etadi.

O‘zbekistondagi yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan AKFA universiteti, abituriyent va talabalarga ta’lim oldidagi moliyaviy yuklamani sezilarli darajada yengillashtiruvchi grantlar olishda keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Kirish imtihonlari asosidagi nufuzli grantlardan tortib, ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha stipendiyalargacha, AKFA universiteti talabalarni muvaffaqiyat yo‘lida qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga intiladi.

Grant asosidagi kirish imtihon natijasiga asosan taqdim etiladigan grant

Har yili grant imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 42 nafar abituriyent birinchi semestrda grant oladi. Grantlar abituriyentning ro‘yxatdagi o‘rni va grant miqdoriga qarab taqdim etiladi. Birinchi ikki o‘rin birinchi semestrda o‘qish to‘lovining 100% miqdorida grant oladi, keyingi ikkita o‘ringa 75%, so‘ngra esa mos ravishda 50%, 20% va 10% lik grantlar mavjud. Shuni ta’kidlash kerakki, kirish imtihonlari granti faqat birinchi semestr uchun taqdim etiladi.

Akademik ko‘rsatkichlari uchun beriladigan grant

Har bir semestrda, oraliq va yakuniy imtihonlaridagi natijalarga asoslangan holda TOP-42 talabalar 10% dan 100% gacha grant olishlari mumkin. Agar fakultetda 100 ta talaba bo‘lsa, grant quyidagi ko‘rinishda taqsimlanadi:

Birinchi ikki o‘rin 100% miqdorida grant oladi, keyingi ikkita o‘ringa 75%, so‘ngra esa mos ravishda 50%, 20% va 10% lik grantlar taqdim etiladi.

IELTE/TOEFL/Duolingo sertifikatlariga ega bo‘lgani uchun grant

AKFA universiteti ingliz tilini bilishga katta ahamiyat beradi va uning muvaffaqiyatli tahsil olishda naqadar muhim ekanini e’tirof etadi. Talabalarni yaxshiroq o‘qishga va til ko‘nikmalarini yuqori darajada ushlab turishga rahbatlantirish uchun universitetda grant dasturi joriy etilgan. Talabalarga IELTS, TOEFL va Duolingo kabi sertifikatlar natijalariga qarab 20% gacha chegirmalar taqdim etiladi.