Dam olish kunlari Italiya chempionatida so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Uning yakuniga ko‘ra Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasida ishtirok etadigan jamoalar, shuningdek, quyi ligaga yo‘l olgan jamoa nomi ma'lum bo‘ldi.

«ATALANTA» BRONZA MeDALLARINI QO‘LGA KIRITIB, MAVSUM KAShFIYoTIGA AYLANDI 

«Atalanta» o‘z maydonida «Sassuolo» bilan o‘ynadi. Mezbonlar Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bu o‘yinda mag‘lub bo‘lmasligi kerak edi. Jan Pero Gasperini shogirdlari bu vazifani ortig‘i bilan bajarishdi.

19-daqiqada «Sassuolo» Berardi goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. 35-daqiqada Sapata gol urib, hisobni tenglashtirdi. Hal qiluvchi voqealar 1-bo‘limning so‘nggi daqiqalarida yuz berdi. Har ikkala jamoa futbolchilarining asablari junbushga kelib, orani ochiq qilishga tushib ketishdi. Natijada, bosh hakam ularning bir nechasini ogohlantirdi, juda ham «faollik qilgan» Berardini esa qizil karta bilan «siyladi».

«Atalanta» tarkibdagi ustunlikdan unumli foydalanib qoldi. 53-daqiqada Gomes va 65-daqiqada Pashalich tomonidan urilgan gollar bergamoliklarga 3:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.

Natijada «Atalanta» 69 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi va o‘z tarixida ilk marotaba Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi. Bundan tashqari Jan Pero Gasperini shogirdlari 77ta gol bilan A Seriyaning eng hujumkor jamoasiga aylanishdi.

Atalanta – Sassuolo 3:1 (1:1, 2:0)
26 may, «Chitta-del-Trikolore» stadioni
Gollar: 0:1 – 19 Berardi, 1:1 – 35 Sapata, 2:1 – 53 Gomes, 3:1 – 65 Pashalich.
Atalanta – Gollini (Rossi, 90), Masello (Pashalich, 62), Gimshiti, Palomino, Kastan, de Ron, Froyler, Gosens, Gomes (Manchini, 90), Ilichich, Sapata.
Sassuolo – Pegolo, Lirola (Raspadori, 90), Demiral, Ferrari, Rojyerio, Burabiya, Manyanelli, Dankan, Berardi, Lokatelli (Jurichich, 59), Boga (Sernikola, 85).
Ogohlantirishlar: Ilichich (38), Rojyerio (45), de Ron (45), Manyanelli (45), Ferrari (48).
Chetlatishlar: Berardi (45), Manyanelli (83).

«INTeR» JUDA QIYIN G‘ALABA ORQALI CheMPIONLAR LIGASIGA ILINIB QOLDI

«Inter» o‘z maydonida autsayderlardan biri «Empoli»ni qabul qildi. Mezbonlar Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun bu o‘yinda g‘alabaga muhtoj, «Empoli» esa A Seriyada qolishi uchun kamida durang o‘ynashi shart edi.