Bugun Bokuda, Yevropa Ligasi finalida ikki ingliz jamoasi sovrin uchun kurashadi. Roppa-rosa 34 yil oldin esa, Angliya futboli rivojlanishini bir necha yilga kechiktirgan, klublarning yevrokuboklardan bir muddat chetlashtirilishiga olib kelgan voqea sodir bo‘lgandi. «Eyzel fojiasi» nomi bilan futbol tarixidan joy olgan o‘sha mashhur voqeani yana bir bor eslaymiz. Bugungi kun muxlislari balki bu voqealarni eslamas, bilmas, ammo hozirda millionlab insonlarga quvonch ulashayotgan, eng daromadli tomoshalardan iborat bo‘lgan futbol musobaqalari mana shunday qurbonlar ham berganini doim eslab turish lozim.


«Yuventus» (Turin, Italiya) - «Liverpul» (Angliya)  1:0

29.05.1985. Bryussel. 60 000 tomoshabin

Hakam A. Dayna (Shveytsariya)

«Yuventus»: Takkoni, Favero, Kabrini, Bonini, Brio, Shirea, Briashi(Prandelli,84), Tardelli, Rossi(Vinola,89), Platini, Bonek.

Murabbiy: Jovanni Trapattoni.

«Liverpul»: Grobbelar, Nil, Beglin, Lourenson(Gillespi,3), Nikol, Xansen, Dalglish, Uilan, Rash, Uolsh (Jonston,46), Uark.

Murabbiy: Jo Fegan.

Gol: Platini(57, penaltidan).

«Bugungi voqea Yevropa Chempionlar kubogiga barham bermaydi, ammo har qanday holatda ham futbol katta mag‘lubiyatga uchradi», - degandi UYeFA prezidenti Jak Jorj «Yuventus» klubiga Chempionlar Kubogini topshirayotib. Marosim juda oddiy sharoitda, aniqrog‘i «Eyzel» stadionining turinliklar uchun ajratilgan yechinish xonasida bo‘lib o‘tdi.

Sezdingiz, bugungi suhbat futbol tarixidagi eng qora va qonli kunlardan biri sifatida qayd etilgan, 1985 yilning 29 mayida bo‘lib o‘tgan Chempionlar kubogining yubiley 30-finali, «Yuventus» va «Liverpul» o‘rtasidagi uchrashuvi oldidan bo‘lib o‘tgan voqealar haqida.

O‘yinni «Yuventus» ancha aktiv boshladi, barcha jabhalarda «Liverpul»ni ortda qoldirdi. 56-daqiqada esa inglizlar jarima maydonida Bonekni chalib yiqitdilar, Platini esa penaltini aniq amalga oshirdi va bu gol italiyaliklarga g‘alaba keltirdi. «Yuventus» futbolchilari maydon bo‘ylab zafarli aylanishni rad qildilar, butun jamoa bo‘lib muxlislari o‘tirgan tribunaga bordilar va tiz cho‘kdilar. Og‘ir bo‘lgandi juda. G‘alaba quvonchi tragediyaga almashgandi. Juda ko‘p insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan bu g‘alaba jamoa tarixidan katta joy olishga haqlimi? Eslanishga arziydimi?